O‘zbekiston sil kasalligining oldini olish uchun 59,5 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Jenevada bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
“2023-2026 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturiga muvofiq, 2023-2026-yillarda dori vositalari va sarf materiallari, tibbiy asbob-uskunalar, mutaxassislar tayyorlash va innovasion ilmiy tadqiqotlar uchun davlat byudjetidan 33 million dollar va xalqaro donorlar hisobidan 26,5 million dollar ajratish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda silga qarshi kurash xizmati islohoti tufayli mamlakatda qariyb 130 ming kishi qutqarib qolingan, kasallanish 43 foizga, o‘lim darajasi esa 84 foizga kamaydi.