O‘zbekiston elchisi Qatar Amiriga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekiston elchisi Qatar Amiriga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ashraf Xodjayev kecha Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Marosim Doxadagi Lusail saroyida bo‘lib o‘tdi. Faxriy qorovul safini aylanib o‘tgach, elchining Qatar rahbari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O‘zbekiston Prezidentiga samimiy salom va ezgu tilaklarini yo‘lladi. Qatar yetakchisi o‘tgan yilning iyun oyida O‘zbekistonga birinchi tashrifini, tarixiy Samarqand shahrini ziyorat qilganini iliq esga oldi.

Amir Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Suhbat yakunida Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O‘zbekiston elchisiga mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo‘lida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muvaffaqiyat tiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ashraf Xodjayev shu yilning 11 fevral kuni O‘zbekistonning Qatardagi birinchi elchisi sifatida Doxaga tashrif buyurdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!