Uyni hadya qilishda turmush o‘rtog‘idan rozilik so‘ralmaydimi?

— Singlim ajrashyapti. Eri o‘tgan yili hech kimga aytmasdan uyini opasiga hadya qilib bergan ekan. Lekin o‘zi ham, farzandlari ham «propiska»da borlar. Aytingchi, ajrashishsa, uyda ularning haqi bo‘ladimi? Oila a’zolari aytmay, uyni hadya qilish mumkinmi? Xotinning roziligi so‘ralmaydimi?
Ismi sir tutildi
Zulfiya Nuraliyeva, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi:
— Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.
Mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
Notarius tomonidan hadya shartnomasini rasmiylashtirish jarayonida er yoki xotindan biri chaqirtirilib rozilik arizasi olinmagan bo‘lsa, demak bu umumiy mulk bo‘lmagan.
Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi.
Biron-bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni va’da qilish (hadya etishni va’da qilish), agar va’da tegishli shaklda berilgan bo‘lsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq ko‘rinib turgan bo‘lsa, hadya shartnomasi deb tan olinadi.
Uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.
Turar joy mulkdorining oila a’zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin.
Mehnatga qobiliyatsiz boqimandalar, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan fuqarolar, agar ular mulkdor bilan umumiy xo‘jalik yuritayotgan va uning turar joyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsalar, uning oila a’zosi deb topilishlari mumkin.
Mulkdorning voyaga yetmagan oila a’zolari yashayotgan turar joyni, ularning ota-onasi bo‘lmagan taqdirda, vasiylik va homiylik organining roziligi bilan boshqa shaxsga berish mumkin.
Xususiylashtirilgan kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila a’zolari va uy-joyning xususiylashtirilishiga rozilik bergan shaxslar ham ularning umumiy mulki bo‘lmish xususiylashtirilgan kvartira yoki uyga nisbatan qonunda belgilangan tartibda teng huquqlarga ega bo‘ladilar va teng majburiyatlarni bajaradilar.
Xususiylashtirilgan kvartirani yoki uyni sotish, ayirboshlash, hadya qilish yoki ijaraga, arendaga berish kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila a’zolarining va kvartirani yoki uyni xususiylashtirish uchun rozilik bergan shaxslarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxsning turar joydan foydalanish huquqi uning vafotidan keyin ochiladigan meros tarkibiga kirmaydi. Xususiylashtirilgan uy-joy mulkdorining voyaga yetmagan oila a’zolari manfaatlarini ularning ota-onasi, ular bo‘lmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organlari ifodalaydi.
Xususiylashtirilgan bir kvartira yoki uyda turar joy mulkdorlari yashay olmaydigan holda, sudning qaroriga binoan mulkdorlardan biri ko‘chirilib, boshqasining zimmasiga kvartira yoki uyning tegishli qismi uchun ko‘chirilgan mulkdorga sud ishni ko‘rib chiqqan kundagi bozor bahosida pulini to‘lash yoki uning umumiy mulkdagi ulushiga mos keladigan boshqa turar joyni sotib olib berish majburiyati yuklanishi mumkin.
Uy yoki kvartiraning mulkdori, uning oila a’zolari, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar va sobiq oila a’zosi o‘rtasidagi turar joydan foydalanish hamda qilingan xarajatlardagi ulush miqdori haqidagi nizolar sud tartibida hal etiladi.