O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab direktori jarimaga tortildi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi o‘qituvchi-pedagoglari majburiy mehnatga jalb qilingani bo‘yicha xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Maktab direktori o‘z ko‘rsatmasida, ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib ushbu ishlarni ko‘rsatmasi asosida bajarganini qayd etgan.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori talablarini buzganligi aniqlangan.
Shu sababli, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (34 000 000) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.