O‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari qanday taqsimlanadi?

O‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari qanday taqsimlanadi?

Umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, har yili 15 sentyabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari quyidagi ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

✅xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
✅o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
✅chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);
✅TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan o‘qituvchilar;
✅asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
✅o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblari;
✅respublika bosqichidagi ko‘rik tanlovlarda (yil o‘qituvchisi) sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;
✅oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
✅birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
✅asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari;
✅ikkinchi malaka toifaga ega o‘qituvchilar;
✅pedagogik yo‘nalish bo‘yicha magistr darajasiga ega o‘qituvchilar;
✅belgilangan tartibda o‘z fanidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi bo‘yicha a’lo baholarga ega o‘qituvchilar;
✅oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;
✅qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar;
✅oliy ta’lim muassasalarining pedagogik yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchi bosqich talabalari;
✅pedagogik yo‘nalish bo‘yicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan o‘qituvchilar;
✅oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar;
✅oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari.

Umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi.

Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘qituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin bo‘lgan dars soatlari boshqa o‘qituvchilarga berilishi mumkin.

O‘qituvchi mazkur ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lganda, ko‘rsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi.

Aynan bir xil ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan bir nechta o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari teng taqsimlanadi.

Umumta’lim muassasalarining o‘qituvchilariga yillik bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qarori, 30.06.2020 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 3271


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!