O‘qituvchilar ko‘chalarda “Open budget” uchun ovoz yig‘ishga majburlanayotgani aytilmoqda

O‘qituvchilar ko‘chalarda “Open budget” uchun ovoz yig‘ishga majburlanayotgani aytilmoqda

O‘qituvchilar ko‘chalarda “Open budget” uchun ovoz yig‘ishga majburlanayotgani aytilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bu holatga munosabat bildirdi.

"Ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda ba’zi o‘qituvchilarga ushbu loyihada ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga bee’tibor qarayotgan o‘qituvchilarga kerakli chora ko‘rish bilan tahdid qilinayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalib, ular Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan jiddiy o‘rganilmoqda.

Ayni vaqtda «Vazirga murojaat» portaliga o‘qituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga ko‘ra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Hurmatli o‘qituvchilar, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari xodimlari!

Agar sizning ta’lim maskaningizda o‘qituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yig‘ishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni 71-202-09-09 ga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatingiz asosida ushbu yo‘nalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli mas’ul xodimlarga zarur ta’sir choralari ko‘riladi.

«Tashabbusli budjet» loyihasi faqat tashabbusga asoslanadi, bunda hech kimni majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi!

Ma’lumot uchun shuni ham qo‘shimcha qilishni joiz deb topdim, yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan «Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi Qonun ma’qullandi.

Unda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo nazarda tutilmoqda. Ya’ni pedagog xodimni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.

Shunday ekan, o‘qituvchilarimizning kasbiy huquqlari Davlatimiz nazoratida ekanligini, ularni majburiy mehnatga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmasligini unutmasligingizni so‘raymiz".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!