Universitetda musulmon talabalar uchun namozxona ochildi

Universitetda musulmon talabalar uchun namozxona ochildi

Janubiy Koreyaning Pusan shahrida joylashgan Dong-A universitetida musulmon talabalar uchun yangi namozxona ochildi. Bu haqida hozir ushbu universitet Xalqaro aloqalar bo‘limida amaliyot o‘tayotgan Javohir Izzatullayev Azon.uz`ga ma’lum qildi.

Kuni kecha Dong-A universitetida «Xalqaro kun» o‘tkazildi. Tadbir doirasida turli millat vakillari o‘z madaniyatlarini namoyish qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. O‘zbekistonlik talabalar turli milliy taomlar va o‘zbek o‘yinlarini namoyish qilishdi. Kunning ikkinchi yarmida universitetning Bumin kempusida «Islom madaniyati markazi» ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda universitet prezidenti ham qatnashib, markaz qoshidagi namozxona va tahoratxonalarni ko‘zdan kechirdi. «Universitetimiz prezidenti Islomga juda qiziqishlarini ma’lum qilib, namoz o‘qish ruknlarini o‘rgatib qo‘yishimizni so‘radilar, biz hatto birga turib namoz o‘qidik. Koreys xalqidagi bunday ziyoli odamlarning milliy, diniy qadriyatlarimizga qiziqishi bizni albatta juda quvontiradi», deydi o‘zbekistonlik talabalardan biri.

«Bu markazning ochilishida qisman O‘zbekiston tomonini ham sabab qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Kelasi yildan boshlab universitetimiz O‘zbekistondan ko‘plab sonli talabalarni jalb etishni reja qilyapti. Chet ellik talabalar orasida o‘zbekistonlik talabalar o‘z milliy, diniy qadriyatlariga sodiq ekanligi bilan ajralib turadi. Aynan shuning uchun ham, kelayotgan talabalar bu yerda o‘zini erkin his qilishi uchun ushbu markazni ochishga qaror qilindi», deya ta’kidladi Javohir Izzatullayev.

Dong-A universiteti mamlakat janubidagi obro‘li universitetlardan biri hisoblanadi. Bu universitet joriy yilning may oyida O‘zbekistonning bir qator ta’lim muassasalari, xususan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlik haqida kelishuvga erishib, anglashuv memorandumini imzolagan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!