UNICEF: G‘azoda bolalar to‘yib ovqatlanmaslikdan nobud bo‘lyapti

UNICEF: G‘azoda bolalar to‘yib ovqatlanmaslikdan nobud bo‘lyapti

Qamaldagi G‘azo sektorida bolalar to‘yib ovqatlanmaslikdan jon bermoqda. Bu haqda UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel CBS telekanali “Face the Nation” dasturida aytib o‘tdi.

Rassel qayd etishicha, shu kungacha Falastin anklavida 13 mingdan ko‘p bola halok bo‘lgan, minglab bola jarohatlangan, vayrona ostida qolgan yoki ota-onasidan ayrilgan.

– Bolalar o‘limining bunday darajasi dunyo bo‘ylab hech qaysi boshqa mojarolarda kuzatilmagan, – dedi u. – Bu haqiqatan juda ayanchli vaziyat. G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar tufayli paydo bo‘lgan, bolalarga chuqur ta’sir qilayotgan qayg‘u va qo‘rquvni ular umrining oxirigacha his qiladilar.

Rassel G‘azoga havodan tushirilgan va dengiz orqali yuborilgan insonparvarlik yordami yetarli emasligini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘mak quruqlik orqali tezroq va samaraliroq yetkazib beriladi.

UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo sektori shimolida bolalar o‘rtasida umuman to‘yib ovqatlanmaslik darajasi bir oy ichida ikki barobar oshdi. Fevral oyida qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar bilan birga o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash so‘rovi hududda ikki yoshgacha bo‘lgan har uchinchi bola ayni muammodan aziyat chekayotganini ko‘rsatdi.

Bayonotda ushbu ko‘rsatkich yanvar oyida 15,6 foizni tashkil etgani va “qisqa vaqt ichida hayratlanarli darajada o‘sib, ikki barobar ortgani” eslatilgan.

Shuningdek, bolalar to‘yib ovqatlanmasligi holati tezda sektorning boshqa joylariga tarqalgani, Isroil armiyasi hujumining “uzoq oqibati”, yordam tarqatishga “davomli cheklov” tufayli “halokatli va misli ko‘rilmagan” darajaga yetgani ta’kidlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!