Ummondagi suv toshqinlari oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi

Ummondagi suv toshqinlari oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi

Ummon sultonligida yakshanba kuni boshlangan kuchli yomg‘irlar davom etmoqda. Kuchli yog‘ingarchilik suv toshqinlariga olib keldi, bu vaqtga kelib 15 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Rasmiylar bedarak yo‘qolganlarni qidirmoqda, mamlakat fuqarolarini esa noqulay ob-havo sharoitida ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirmoqda, deya xabar beradi Kazinform muxbiri Times of Omanga tayanib.

Dushanba kuni Ummon fuqarolik mudofaasi va favqulodda vaziyatlar xizmatlari Shimoliy al-Sharqiya provinsiyasida bedarak yo‘qolgan erkakning jasadini topdi.

- Shimoliy al-Sharqiya provinsiyasi fuqaro mudofaasi va tez tibbiy yordam boshqarmasining qidiruv guruhlari, shuningdek, boshqa tomonlar va fuqarolar ko‘magida yo‘qolgan shaxs o‘lik holda topildi. Yana uch kishini, jumladan bir bolani qidirish hali ham davom etmoqda, - deyiladi Ummon fuqarolik mudofaasi va tez yordam boshqarmasi xabarida.

Shimoliy al-Sharqiya provinsiyasi fuqarolik mudofaasi va favqulodda xizmatlar boshqarmasi qidiruv guruhlari keyinchalik bir bola va ayolning jasadlarini topib, Sultonlikda halok bo‘lganlar sonini 15 kishiga yetkazdi.

Fuqaro aviasiyasi ma’muriyati mamlakatning bir qator provinsiyalarida kuchli shamol va do‘l bilan birga kuchli momaqaldiroq bo‘lishi kutilayotgani haqida ogohlantirdi. Idora fuqarolarga noqulay ob-havo sharoitida ehtiyot choralarini ko‘rish, suv havzalarini kesib o‘tmaslik, past joylardan uzoqlashmaslik va xavotirli davrda suzishga bormaslikni tavsiya qildi.

Yakshanba kuni Ummonda avtomobillari suv toshqinlarida cho‘kib ketishi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida to‘qqiz nafar talaba, ikki nafar mahalliy aholi va bir nafar xorijlik bor.

Ummon Vazirlar kengashi Shimoliy al-Sharqiya provinsiyasida kuchli yomg‘irlar oqibatida halok bo‘lgan talabalarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ummon ko‘chalari bo‘ylab oqayotgan toshqin suvlari avtomobillarni oqizib ketgani aks etgan videolar tarqaldi.

Khaleej Timesning xabar berishicha, Ummon polisiyasining aviasiya guruhi 21 kishini qishloq fermasidan Quriyat provinsiyasidagi Al-Lasmo hududiga olib kelgan, ular suv bilan o‘ralgan.

Dushanba kuni Ummondagi maktab va kollejlarga masofaviy ta’limga o‘tish ko‘rsatmasi berildi. Ko‘rsatma yakshanba kuni Oliy ta’lim, tadqiqot va innovasiyalar vazirligidan keldi.

Biznes egalariga o‘z xodimlarining xavfsizligini ta’minlash uchun ob-havo ma’lumotlarini kuzatib borish orqali xabardor bo‘lish tavsiya qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!