Ukraina prezidenti Zaporoje atom elektr stansiyasining taqdiri ikki tomon uchun ham jiddiy muammo ekanini ta’kidladi

"Aslida, Zaporoje AESning mavjudligi Ukraina ishtirokisiz imkonsiz. AESni tiklash uchun katta mablag‘ va bir necha yil vaqt kerak. Damba yo‘q, texnik suv yo‘q. Uning faoliyatini tiklash uchun o‘ta qimmat jarayonlar talab qilinadi. Bu biz uchun ham muammo, chunki bu bizning atom elektr stansiyamiz. Bu juda katta yo‘qotilgan pullar, yo‘qotilgan imkoniyatlar degani", – deya munosabat bildirdi Zelenskiy.
Shuningdek, u Rossiya tomoni AESni o‘z energetik tarmog‘iga ulab, Ukrainaning bosib olingan hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Zelenskiy Ukraina va AQSh o‘rtasida Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarida Zaporoje AES masalasi ko‘tarilganini tasdiqlagan edi.
Ikki kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp ham muzokaralarda mazkur AES mavzusi muhokama qilinganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zaporoje AESning kimga tegishli bo‘lishi masalasi otashkesimdan so‘ng, tinchlik kelishuviga tayyorgarlik jarayonida muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Zaporoje AES hozirda Rossiya nazoratidagi Energodar shahrida joylashgan. Moskva esa Ukrainaga bosib olingan hududlarni qaytarib bermasligini ma’lum qilgan.