Tunda izg‘igan talonchilarga hukm o‘qildi

Tunda izg‘igan talonchilarga hukm o‘qildi

Ellik yosh o‘rtacha olganda ham umrning qariyb uchdan ikki qismi. Odatda kishilar bu davrda ko‘proq ibodat, yaxshiliklar qilish bilan band bo‘ladilar. Halol-harom oqibatlarini o‘z hayot yo‘llarida ko‘rgan, bilganlari asosida sharhlab, nasihat va maslahatlarini beradilar yoshlarga. Bunday kishilarning suxbatlariga to‘ymaysan. Namunali oilalari, komil farzandlariga boqib havas qilasan.

Lekin qayotda turfa ranglar bo‘lgani kabi turli kimsalar ham borki, ularga na yosh, na umr, na oila, na hayotning mazmuni, maqsadi va mazasi bo‘lsin. Beixtiyor insongarchilikning, behuda o‘tgan umrning uvoliga achinasan.

Bir necha bor sudlanib, jinoiy qilmishlari ortidan jazo olgan, hatto qamalib chiqqan Ma’mur Masharipov ana shunday kishilardan. Salkam ellikka borib qolganiga qaramay, munosib xulosa olmagan, oilasiz, ishsiz mazkur shaxs xech bo‘lmaganda jinoyat qilishdan o‘zini tiysaydi, deysan.

U Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi «Izzat» va «Mo‘ynoq» ko‘chalari kesishgan yo‘l yaqinida jinoiy sherigi 1988 yilda tug‘ilgan, bir necha bor sudlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarosi Axbor Sharipov bilan mast holatda kelisharkan, yo‘l yoqasida ketayotgan fuqaroni ko‘rib niyatlari buziladi.

– U bir kishi, biz ikki kishimiz, hech bo‘lmasa telefoni bordir…

Shum maqsadlari sari ilgarilab fuqaro Aleksey Chernishevni orqasidan borib urishadi, tizzasiga tepib yiqitib cho‘ntaklarini titishadi. Aytganlaridek, ikki kishilashib uning yonida bo‘lgan «Redmi-7» mobil telefoni hamda 100.000 so‘m pullarini olib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishga chog‘lanisharkan, biroz o‘zini tutgan Aleksey ularning ortidan yugurib Axborning yelkasiga osiladi. Ammo Ma’mur qo‘liga tushgan tosh bilan jabrlanuvchining bosh qismiga bir necha bor uradi. Xushidan ketib yerga cho‘zilgan A.Chernishevni shu xolatda tashlab qochgan talonchilar qonundan qocha olmasliklarini balki anglashmagandir, desak biroz noto‘g‘ri bo‘lar. Chunonchi ular qilbir qilmishlari bilan avval ham qonun qo‘liga tushishgan va undan qochib bo‘lmasligini yaxshi anglaydilar.

Bugungi jinoyatlari esa nopok yo‘llardan qaytmaganlaridan darak edi. 1.200.000 so‘mlik telefonni atigi 65.000 so‘mga pullab bayram qilmoqchi bo‘lgan talonchilarning qarakatlari shu yerda to‘xtadi.

Ma’mur Masharipov 8 yil, Axbor Sharipov esa 8 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, jinoyatchilar A. Chernishevga keltirilgan zararni solidar tartibda to‘lab berishadi.

Xulosa o‘rnida:

E’tibor qilgan bo‘lsangiz noxush voqea yarim tun 23.00 - 23.30lar oralig‘da sodir bo‘lgan. Demoqchi bo‘lganimiz esa biron zarurat bo‘lmaganda bu kabi kech yurish aslida yaxshilik belgisi emas. Yomonliklar tun qo‘yniga yashirinadi, deyishadi-ku.

Har qanday hollarda jinoyatchilar jazosiz qolmaydi albatta, lekin jabrlanuvchi bo‘lib qolish ham yoqimli xolat emas. Mulohaza, fikr sizdan, xolbuki atrofimizdagi har bir yaxshilik yoinki yomonlikka sababchi o‘zimiz.

Abror SAIDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi raisi  


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!