Tramp prezidentlikka kelganidan beri AQShga noqonuniy kirish 90 foizga kamaydi

Donald Tramp Oq uyga qaytganidan uch hafta o‘tib, AQShda chegarani noqonuniy kesib o‘tishlar soni rekord darajaga yetdi. New York Post xabariga ko‘ra, fevral oyida chegara rasmiylari chegarani noqonuniy kesib o‘tganidan keyin kuniga o‘rtacha 359 nafar muhojirni hibsga olgan, bu 2023 yil boshidagiga qaraganda 90 foizga kam. Agar tendensiya davom etsa, bu oy 60 yil ichida noqonuniy migrasiya uchun eng past oy bo‘ladi.
Nazoratni kuchaytirish uchun Tramp chegara hududlariga 1500 askar yubordi va Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bilan kelishuvga erishdi. Meksikadan olib kelingan tovarlarga 25 foizlik boj qo‘yish tahdidiga javoban, mamlakat hukumati muhojirlarni chegaraga yetguncha to‘xtatish uchun 10 ming askar yubordi. Tramp shuningdek, barcha boshpana izlovchilardan qaror qabul qilish uchun Meksikada kutishni talab qilishni rejalashtirmoqda.
Fevral oyi boshidan beri Qo‘shma Shtatlar ilgari qonunni buzgan noqonuniy muhojirlarga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazdi. 11 mingdan ortiq odam hibsga olingan va deportasiya qilingan, ayrim hollarda harbiy samolyotlardan foydalanilgan.
Jo Bayden boshqaruvi davriga nisbatan muhojirlar oqimi keskin kamaydi. 2023 yilda chegarachilar kuniga 5590 nafar, 2024 yil boshida esa kuniga 2872 nafar noqonuniy muhojirni qo‘lga olgan. Endi Tramp nafaqat sonlarni kamaytirishga, balki noqonuniy immigrasiyani butunlay to‘xtatishga intilmoqda.