Toshkentda itni otib o‘ldirib, uning go‘shtidan ovqat tayyorlaganlarning shaxsi aniqlandi

Toshkentda itni otib o‘ldirib, uning go‘shtidan ovqat tayyorlaganlarning shaxsi aniqlandi

Jonivorga nisbatan shafqatsizlik fakti aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgach, Toshkent shahar IIBB tekshiruv o‘tkazdi.

Aniqlanishicha, itning egasi – 37 yoshli Oqiljon I. tanishi bo‘lgan 57 yoshli Ikrom B.dan Oqiljonni gapiga qaraganda “quturib” voyaga yetmagan 16 yoshli Shuxrat A. ismli qarindoshini tishlagan alabay zotli itini otib o‘ldirishni so‘ragan. Ammo Shuxrat A. shifokorga murojaat qilmagan.

22 iyun kuni taxminan soat 10.00 da Oqiljon I. o‘z itini “Bektemir go‘sht kombinati” MCHJ hududiga olib kelgan va u yerda Ikram B. 35 yoshli o‘g‘li Chingiz B.ga tegishli 2018-yilda ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “TOZ-34” rusumli ov quroli bilan itni otib o‘ldirgan.

So‘ng 39 yoshli Sergey CH. itning go‘shtini ovqat tayyorlash maqsadida ajratib olgan.

Bo‘lib o‘tgan voqeani ularning tanishi bo‘lgan 24 yoshli Sardor X. o‘ziga tegishli telefonga videoga olib, instagramdagi sahifasiga joylagan. Sardor X.ning aytishicha, unda ushbu videoni tarqatish maqsadi bo‘lmagan, ammo obunachilaridan biri videoni tarqatayotganligini bilgach, sahifasidagi video ko‘rish imkoniyatini cheklab qo‘ygan

Bektemir tumani IIO FMB tomonidan Oqiljon I. va Ikrom B.larga nisbatan jonivorga nisbatan shafqatsizlik qilganlik fakti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (“Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish”) asosida bayonnomalar tuzildi. Bektemir tumani Ma’muriy sudi tomonidan ular aybdor deb topilib, har birlariga 405 460 so‘m jarima solindi.

Sergey CH.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasi (“Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish”) bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi. Bektemir tumani Ma’muriy sudi tomonidan unga 202 730 so‘m jarima solindi.

Sardor X. ma’muriy sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasi (“Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish”) bo‘yicha aybdor deb topilib, unga nisbatan EKIHning 50 baravari miqdorida, ya’ni 10 136 500 so‘m jarima jazosi qo‘llanildi.

Bundan tashqari, o‘qotar qurol va o‘q-dorilarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari buzilganligi sababli, o‘qotar qurol egasi bo‘lmish Chingiz B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 221-moddasida (“qotar qurollarni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) muddatlarini yoki ularni hisobdan o‘tkazdirib qo‘yish qoidalarini buzish”) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, Bektemir tumani ma’muriy sudi tomonidan 67 576 so‘m jarima belgilandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!