Toshkent xalqaro kinofestivali: Toshkent kinoteatrlarida 50 dan ortiq taniqli xorij filmlari namoyish etiladi

Toshkent xalqaro kinofestivali matbuot xizmati 29 sentyabr - 2 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali afishasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Toshkentdagi 10 ga yaqin kinoteatrda xorijiy filmlarning namoyishini ko‘rishingiz mumkin.
Xususan, “Parus Cinema”, “Riviera Cinema”, “Next Cinema”, “Compass Cinema”, “Aziya Cinema” kabi kinoteatrlarda 50dan ortiq xorijiy filmlarni tomosha qilish imkoni mavjud. Filmlar o‘zbek va ingliz tillaridagi subtitrlar bilan ko‘rsatiladi.
Kirish bepul, joylar soni cheklangan!
Filmlar ro‘yxati va namoyish vaqti bilan quyidagi havola orqali tanishing 👉 AFISHA
Ta’kidlash joizki, filmlar orasida «Sargardon zamin 2» (Xitoy), «Ingliz tili darsi» (Janubiy Koreya), «Mening jinim» (Qozog‘iston), «Fir’avn, yirtqich va malika» (Fransiya), "Sadoqatli Hasan" (Turkiya), "G‘oliblar" (Buyuk Britaniya), "Skarlett" (Italiya), "Opa-singillar" (Latviya) kabi mashhur kinokartinalar ham o‘rin olgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, kinofestival doirasida Yevropa ittifoqi davlatlari film festivali, shu bilan birga, Turkiy davlatlar va MDH davlatlari kinoforumi ham bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, “O‘zbek dublyaji 85 yoshda”, “Kino 5 kunda” tanlovi, o‘zbek kinosining 115 yilligiga bag‘ishlangan milliy tadbirlar, Italiya filmlarida kiyilgan kastyumlar ko‘rgazmasi, kinoteatrlarda xorij kino kunlari, seminar-treninglar, mahorat darslari, taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, retrospektiv kinonamoyishlar ham festival dasturidan o‘rin olgan.