Toshkent xalqaro investisiya forumida 30,5 mlrd dollarlik hujjatlar imzolandi

Toshkent xalqaro investisiya forumida umumiy qiymati 30,5 milliard dollarlik investisiya kelishuvlari va savdo shartnomalari imzolandi, deya xabar berdi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Poytaxtda 9-12 iyun kunlari turli manzillarda Toshkent xalqaro investisiya forumi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi forum 8 mingdan ortiq ishtirokchini, jumladan, 97 mamlakatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonni jalb qildi.
TXIF-2025 doirasida dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan 150 dan ortiq nufuzli spikerlar — investorlar, iqtisodiy ekspertlar va rasmiylar ishtirokida 36 ta panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Forumda O‘zbekistonning sanoat salohiyatini aks ettiruvchi keng ko‘lamli sanoat ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi. Ko‘rgazmaga har kuni 2 000 dan ortiq kishi tashrif buyurdi, uning maydonlarida B2B va B2G formatlarida 500 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi.
“Forum doirasida umumiy qiymati 30,5 milliard dollarlik investisiya kelishuvlari va savdo shartnomalari imzolandi”, — deyiladi xabarda.
Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning qayd etishicha, ushbu muhim voqealarning barchasi yetakchi xalqaro investorlarni, davlat organlari, moliya institutlari va ishbilarmon doiralar vakillarini birlashtirdi.
"Biz kelgusi yilda Toshkentda yangi g‘oyalar, ilg‘or tashabbus va innovasion formatlar bilan yana bir bor uchrashishni intiqlik bilan kutib qolamiz", — dedi Laziz Kudratov.