Toshkent viloyatida gaz zapravka sobiq hisobchisi salkam 1 mlrd so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi

Toshkent viloyatida gaz zapravka sobiq hisobchisi salkam 1 mlrd so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi

Toshkent va Navoiy viloyatlarida tadbirkorlarning mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Qayd etilishicha, departamentning Bekobod tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “S.I.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi sobiq hisobchisi M.X. va boshqalar avtomobillarga gaz sotuvidan tushgan jami 977,7 million so‘mni MCHJning hisob-raqamiga kirim qilmasdan o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “F.-F.” MCHJning omborxona mas’ul shaxslari o‘zlariga ishonib topshirilgan 5 518 xil turdagi dori vositalarini sotib yuborib, jami 515,1 million so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan oldin Samarqandda ijaraga berilgan 1,3 milliard so‘mlik bino buzilib, qurilish materiallari sotib yuborilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mart oxirlarida esa departament xodimlari tomonidan Navoiyda ijaraga berilgan 1 gektar yerni 5 ming dollarga sotishga uringan shaxs ushlangan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!