Toshkent shahrida uy-joy uchun taklif etilgan ijara narxlari tahlil etildi

Toshkent shahrida uy-joy uchun taklif etilgan ijara narxlari tahlil etildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2024-yilning fevral oyida Toshkent shahrida uy-joy uchun taklif etilgan ijara narxlarini tahlil qildi.

Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024-yilning fevral oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlarida yanvar oyidagiga nisbatan o‘rtacha 0,34 foizga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlarida esa o‘rtacha 0.13 foizga pasayish kuzatildi.

O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijarasi. 2024-yilning fevral oyida 1 xonali turar joylar uchun taklif etilgan ijara narxlari yanvar oyidagiga nisbatan o‘rtacha 0.3 foizga pasayib, 394 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar uchun ijara narxlari 0,2 foizga pasayib, o‘rtacha 441 dollargacha tushdi. Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan 3 va 4 xonali uylar uchun ijara narxlari 0.4 foizga pasayib, o‘rtacha narxlar mos ravishda 514 dollar va 594 dollarni tashkil etdi.

O‘rtacha ta’mirlangan turar joylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali - 358 dollar, 2 xonali - 393 dollar, 3 xonali - 435 dollar, 4 xonali - 450 dollar), Olmazor (1 xonali - 357 dollar, 2 xonali - 415 dollar, 3 xonali - 455 dollar, 4 xonali - 490 dollar) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa, ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Yakkasaroy (1 xonali - 420 dollar, 2 xonali - 488 dollar, 3 xonali - 657 dollar, 4 xonali - 738 dollar) va Mirobod (1 xonali - 467 dollar, 2 xonali - 520 dollar, 3 xonali - 620 dollar, 4 xonali - 832 dollar) tumanlarida kuzatildi.

Ma’lumot uchun: 2023-yilning noyabr oyidan 2024-yilning fevral oyigacha bo‘lgan davrda o‘rtacha ta’mirlangan 1 va 2 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari mos ravishda 1,8 foiz (401 dollardan 394 dollarga) va 2,4 foizga (452 dollardan 441 dollarga) tushgan.

To‘liq ta’mirlangan turar joylar uchun ijara narxlari. Fevral oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 475 dollarni tashkil etib, yanvar oyidagiga nisbatan 0.3 foizga pasayigan bo‘lsa, 2 xonali uylar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 651 dollar va 0.6 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida (790 dollar) ham biroz (0,1 foiz) tushish kuzatildi. Lekin, to‘liq ta’mirlangan 4 xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari 0.4 foiz oshib, 919 dollargacha ko‘tarilgan.

To‘liq ta’mirlangan turkumdagi uylar uchun eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali - 393 dollar, 2 xonali - 462 dollar, 3 xonali - 560 dollar, 4 xonali - 761 dollar) va Uchtepa (1 xonali - 401 dollar, 2 xonali - 498 dollar, 3 xonali - 617 dollar, 4 xonali - 850 dollar) tumanlarida hamda ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Shayxontohur (1 xonali - 555 dollar, 2 xonali - 848 dollar, 3 xonali - 1057 dollar, 4 xonali - 1028 dollar) va Mirobod (1 xonali - 570 dollar, 2 xonali - 861 dollar, 3 xonali - 1024 dollar, 4 xonali - 1128 dollar) tumanlarida kuzatildi.

Ijara narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olx.uz (https://www.olx.uz/) platformasidan veb skreping (web scraping) usulida to‘plandi. Bunda 2024-yilning yanvar oyi uchun 52.3 mingta, fevral oyi uchun 51.5 mingta ma’lumotdan foydalanildi. Ikkala davr uchun ham tahlil narxlar chegarasining yuqori va pastki 5 foizlik kvantillari chiqarib tashlanganidan keyin amalga oshirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!