Tizimli ishlar o‘z samarasini beradi

Tizimli ishlar  o‘z samarasini beradi

Mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti yildan yilga yaxshilanmoqda. Suvning uzluksiz yetkazilishida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chekka hududlar, hattoki tog‘li tumanlarga ham obi hayotni yetkazib berish doimo nazoratda.

2024 yil yakuniga qadar davlat byudjetidan ajratilgan 1 trillion 40 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 141 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish belgilangan. Joriy yilning birinchi chorak yakuni bo‘yicha 230,2 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi hisobiga 192,9 kilometr ichimlik va 45,2 kilometr oqova suv tarmoqlari, 14 ta ichimlik va 4 ta oqova suv inshootlarida qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Shuningdek, Investisiya dasturi doirasida 76 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlarini bajarish uchun ajratilgan 909 milliard so‘m mablag‘dan birinchi chorakda 213,1 milliard so‘m o‘zlashtirildi. Natijada 170,5 kilometr ichimlik va 23 kilometr oqova suv tarmoqlari, 14 ta ichimlik va 2 ta oqova suv inshootlarida qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, yangi tashkil etilayotgan Sanoat zonalaridagi 12 ta ob’ektda tashqi ichimlik va oqova suv tizimlarini barpo etish uchun Davlat byudjetining 47,1 milliard so‘m mablag‘i hisobidan 4,3 kilometr ichimlik, 11 kilometr oqova suv tarmoqlari qurilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosat bayoniga asosan joriy yilda qurilish-montaj ishlarini bajarish uchun 53 ta ob’ektda umumiy qiymati 84 milliard so‘mlik ishlarni amalga oshirish belgilangan bo‘lib, 9,3 milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirish hisobiga 18,1 kilometr ichimlik va 11,2 kilometr oqova suv tarmoqlari hamda 2 ta oqova suv inshootida qurilish-montaj ishlari olib borilgan.

Joriy yilda Investisiya dasturi doirasida jami 308,2 million AQSh dollar miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilishi hisobiga 20 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. O‘zlashtirilgan mablag‘larning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investisiyalar banki, OPEK jamg‘armasi hissasiga to‘g‘ri keldi.

Mablag‘lar hududlar kesimida Toshkent, Namangan, Buxoro viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, joriy yilda jami 452 kilometr ichimlik va 110 kilometr oqova suv tarmog‘i, 8 ta ichimlik va 1 ta oqova suv inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Joriy yil birinchi chorak yakuni holatiga respublika bo‘yicha debitor qarzdorlik jami 979,9 milliard so‘mni tashkil etgan.

“O‘zsuvta’minot” AJ va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan 106 ta bino va inshootlarga jami 714,5 kVt li quyosh panellari o‘rnatilib, 351 million so‘mlik elektr energiyasi iqtisod qilingan.

Aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat xizmati tomonidan o‘tkazilgan 34 ta o‘rganishda aniqlangan korrupsion vaziyatlar bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari 3 ming 553 tani tashkil etgan. Ularda 29,7 milliard so‘mlik moliyaviy xatoliklar yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Bundan tashqari, hisobot davri yakuni bo‘yicha jami 7 715 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 76,6 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar yuzasidan tizimli ravishda o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yanvar holatida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77,2 foizni tashkil etgan.

Ichimlik suvi tariflari arzonligi undan xo‘jasizlarcha foydalanish, ichimlik suviga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lishga olib kelmoqda. Sohadagi mavjud vaziyat aholini suv bilan ta’minlash masalalarida bozor narxlari mexanizmlariga o‘tish zaruratini taqozo qildi. Bu esa sohaga investisiyalarni jalb etish, mavjud quvvatlarni modernizasiya qilish va yangilarini qurish imkonini beradi.

Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!