Tiz cho‘kkan nemislar, qoqilgan Braziliya — omadsizlikning sabablari nimada?
Germaniya hamda Braziliya terma jamoalari bugungi o‘yinlarning chinakam antiqahramoniga aylanishdi. “Nemis mashinasi”ning ballonlari Meksika to‘sig‘iga dosh bera olmagan bo‘lsa, Braziliya terma jamoasi Shveysariya terma jamoasi qarshiligini yenga olmadi.
Germaniya terma jamoasining mag‘lubiyatida asosan Yoaxim Lyovni ayblash mumkin. Chunki ayni damda “nemis mashinasi”da tajribali hujumchilar muammosi yetarlicha va murabbiy mazkur muammo hal qilish ustida bosh qotirmagan ko‘rinadi. Birgina Tomas Myuller bilan ish bitmaydi. Mario Gomes esa allaqachon jahon chempionatlari uchun qarilik qilishini ko‘rsatdi. Ehtimol, asosiy tarkibda tushib, ko‘proq o‘ynaganida nimadir qila olarmidi, bunisi endi bizga qorong‘i. Buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin nima bo‘lganda ham Gomes hozirgi holatda chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan terma jamoaning asosiy hujumchisi bo‘lishga nomunosib.
Timo Verner iqtidorli, ammo u hali mundial havosidan nafas olib ko‘rmagan. Shu bois u xuddi Portugaliya termasidagi Gonsalu Gedesh kabi dovdirab qoldi. Agar keyingi o‘yinlarda Lyov hujumdagi muammoni bartaraf eta olmasa, ko‘plab raqiblar uning oldida “Meksika”ga aylanishadi.
Endi Braziliyaga to‘xtalsak, bu yerda bir qarashda hammasi joyida, Tite har bir chiziqni mukammal tuzib chiqqan. Bu to‘g‘ri, ammo baribir durang natijada bosh aybdor murabbiyning o‘zi. Chunki uning shogirdlari hisobni ochishganidan keyin o‘yinni tashlab qo‘yishdi. Bu holat birinchi bo‘limning o‘zidayoq ko‘zga tashlangandi. Tite esa tanaffusda shogirdlarini bu xotirjamlikdan olib chiqib, yanada shiddatliroq o‘ynashga undashi kerak edi. Ammo ikkinchi bo‘limda ko‘rdikki, Tite ham imkon qadar hushyorroq o‘ynashga va shu hisobni saqlab qolishga undagan shogirdlarini. Natija esa achinarli bo‘ldi Braziliya uchun. Raqib himoyaga ko‘proq e’tibor qaratgan Braziliyani jazoladi.
Yana bir gap. Bosh hakam yaqqol penaltini bermadi. Jezus yiqitilganda qo‘pollik bor edi. Lekin Braziliyadek tarkibida 11 ta yulduz, yana Yevropaning kuchli chempionatlarida o‘ynaydigan yulduz bo‘lgan terma yulduzlari barmoq bilan sanarli bo‘lgan Shveytsariyani hech qanday penaltisiz, 90 daqiqaning o‘zida qiyinchiliksiz yutishi kerak edi.
Hali bu boshlanishi. Braziliya ham, Germaniya ham hali hech narsa yo‘qotmadi. Ko‘ramiz, keyingi to‘qnashuvlar qanday kecharkin?