Tatar davlat filarmoniyasida Tatariston kinosining yuz yilligi sharafiga tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

Tatar davlat filarmoniyasida Tatariston kinosining yuz yilligi sharafiga tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

Bayram dasturida MDH mamlakatlari kinostudiyalari rahbarlari, respublika kino sanoati faxriylari, rejissyorlar, prodyuserlar, Tatariston kino muassasalari vakillari, «Tatarkino»ning Moskva va Rossiyaning boshqa hududlaridagi hamkorlari ishtirok etdi. Tatariston Respublikasi Madaniyat vaziri Irada Ayupova tabrik so‘zi bilan chiqish qilib, Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov nomidan «Tatarkino» madaniyat muassasasi xodimlariga minnatdorchilik maktubi topshirdi.

Tatariston kinosining 100 yilligini nishonlash doirasida Qozonga MDH davlatlarining to‘rtta asosiy kinostudiyalari rahbarlari: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, «Qozoqfilm» vise-prezidenti Aidar Omarov, «Qirg‘iztasmasi» davlat kino markazi direktori Talantbek Talobekov va «Belarusfilm» bosh direktori Yuriy Aleksey tashrif buyurishdi. Xorijlik mehmonlar «Tatarkino»ning bir asrlik ijodi alohida hurmatga loyiq ekanligini, hudud kino ishlab chiqarish tarixida o‘zining boy merosi bilan ajralib turishini ta’kidladi. Mehmonlar hamkorlikda filmlar yaratish va ularni o‘zaro almashish imkoniyatlarini kengaytirishda faol hamkorlik qilish istagini bildirdi.

Qozon davlat madaniyat institutida Tatariston kinosining 100 yilligini nishonlash doirasida «Hamkorlikda ishlash – kinoindustriya rivojlanishining drayveri» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ilk marta bitta dasturda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘izistondan to‘rtta asosiy kinostudiya rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, Rossiya hamda Tataristonning taniqli kino mutaxassislari, madaniyat muassasalari direktorlari, prodyuserlar va rejissyorlari tadbirning faxriy mehmonlari bo‘ldi.

Davra suhbatida kinoijodkorlar Rossiya Federasiyasi va MDH davlatlari kinostudiyalari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.

Qozon davlat madaniyat va san’at instituti rektori Roza Axmadiyeva so‘zga chiqib, mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi:

"Avvalo, siz, aziz mehmonlarga Tatariston Respublikasi va «Tatarkino» bilan hamkorligingiz uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Rossiyada kino sanoatini rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda, sohaga oid loyihalar va me’yoriy hujjatlar yaratilmoqda. «Tatarkino»ning 100 yilligi va tashrifingiz xalqaro hamkorlik ahamiyatining yuqoriligidan dalolat beradi", – dedi Roza Axmadiyeva.

Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida gapirdi:

"Biz «Tatarkino» bilan iliq munosabatlarga egamiz. Bir necha yildan buyon yangi davlat siyosati doirasida o‘z tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashib kelyapmiz. Kinematografiya agentligi ta’lim yo‘nalishida ish olib boradi, to‘rt yil avval Toshkent shahrida VGIKning filialini ochdik. Shuningdek, muntazam ravishda Rossiya va Tatariston kinosi kunlarini tashkil qilib kelamiz. Uchinchi yo‘nalish esa hamkorlikda ishlash. Har yili bizga Toshkent va Buxoroda film suratga olish uchun bir qancha kinokompaniyalar taklif bilan chiqadi, - deya ta’kidladi Agentlik rahbari.

Davra suhbatida, shuningdek, yangi hamkorlikdagi loyiha taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi, bu haqda F. Abduxoliqov so‘zlab berdi, film konsepsiyasi esa rejissyor, Tatariston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Salavat Yuzeev tomonidan taqdim etildi. «Ustoz» loyihasida tatar musulmon olimi va pedagogi Shig‘abutdin Marjoniyning hayot yo‘li misolida O‘zbekiston va Tataristonning badiiy tarixi haqida hikoya qilinadi. Qahramon hayoti davomida ko‘plab ilm talabida bo‘lgan yoshlarga duch keladi va film nomida aks etgan maqomga yetishadi.

13 mart kuni esa Qozon shahrida Tatariston kinosining yuz yilligini nishonlash doirasida o‘zbek kinosi kunlarining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligining birinchi kotibi Azizbek Razzoqov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, prodyuser, «Buxoriylar» kinostudiyasi asoschisi va bosh direktori Ulug‘bek Abdullayev va boshqalar tadbirning faxriy mehmonlari bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!