"So‘kish yana "trend"da..." - Rasul Kusherbayev

A A A
"So‘kish yana "trend"da..." -  Rasul Kusherbayev

Deputat Rasul Kusherbayev o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida quyidagi fikrlarni yozib qoldirdi:

" Yaqinda Prezident Administrasiyasi rahbari majlisida bir qator hokimlar ishdan olindi va jazolandi. Hokimlarning odob-ahloq me’yorlariga zid harakatlari tanqid qilinib, bu davlat xizmati obro‘siga putur yetkazishi ta’kidlandi.

Biroq shu voqeadan ko‘p o‘tmay davlat xizmatchilarining so‘kish bilan bog‘liq odobsizliklari yana tarmoqlarda aylana boshladi.

An’anani Toshloq tumani hokimi davom ettirdi. Tuman hokimi, deb aytilayotgan audioda hokimning og‘zidan chiqayotgan gaplarga ilon po‘st tashlaydi.

Kamiga o‘z gapida hokim hududning mutlaq hukmdori sifatida har qanday qarorni kengash deputatlari tasdig‘idan o‘tkaza olishiga ishora qiladi.

Demak, Toshloq tumani kengashi deputatlari hokimni izmidan chiqa olishmaydi yoki hokim oshirvordi. Feodalizm.

Keyingi holat Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi sobiq IIB xodimi bilan bog‘liq.

Xodim nomus chegarasidan o‘tib, butun o‘zbekistonliklarni bo‘ralatib so‘kdi, oqqo‘rg‘onlik erkaklarni or-nomusini yerga urdi.

Ikki holatda ham davlat xizmatchilari o‘zlarining ma’naviyatsiz, davlat ishiga nomunosib ekanliklarini ko‘rsatishdi.

Ushbu holatlar davlat xizmatiga kadr tanlashda jiddiy nuqson borligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni kadrning ma’naviy dunyosi, hulqi va muomila madaniyati qandayligiga qaralmaydigan ko‘rinadi.

Inson qanchalik bilimli, uddaburon bo‘lmasin, ma’naviyati yuksak bo‘lmasa, ish olib borishda zo‘rlik va so‘kinishga tayanishi mumkin ekan.

Bunday kadrning hech qanday qiymati yo‘q va undaylar davlat xizmatida bo‘lishi mumkin emas.

Menimcha, bunga davlat xizmatiga kadr tanlovchi mas’ullar prinsipial qoida sifatida qarashlari kerak. Aks holda yer yuzida o‘zbekistonliklar o‘zlariga xizmat qiluvchi amaldorlarining so‘kishi ostida yashaydigan xalq bo‘lib qolaveradi."


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!