Sudan armiyasi Al-Fashir shahridagi mudofaa operasiyasida Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondonini yo‘q qildi

Sudan armiyasi Al-Fashir shahridagi mudofaa operasiyasida Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondonini yo‘q qildi

Sudan armiyasi 14 iyun kuni Shimoliy Darfur markazi Al-Fashir shahrida mudofaa operasiyasi o‘tkazishi jarayonida muxolif Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondoni halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, Al Jazeera nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Sudan armiyasiga qarshi qurolli harakatlarda faol qatnashgan Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondoni Ali Yoqub Jibril maxsus operasiyada o‘ldirilgan. Qo‘mondon 14 iyun kuni Sudan armiyasi qismlarini Al-Fashirdan surib chiqarishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan.

Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari rasmiylari qo‘mondonning o‘ldirilishi borasida hech qanday ma’lumot bermagan. Shimoliy Darfurdagi janglar davom etayotgani bildirilgan.

Sudanning bir qator rasmiylari mamlakat armiyasi so‘nggi ikki kunda muxolifat kuchlari hujumini muvaffaqiyatli qaytarganini yozgan. Shimoliy Darfurda qo‘llab-quvvatlash kuchlari o‘z pozisiyalarini yo‘qotayotgani ma’lum qilingan.

Sudandagi mojaro 2023 yilning aprel oyida Abdul Fattoh al-Burhon boshchiligidagi Sudan Qurolli kuchlari (SAF) va general Muhammad Hamdan Dagaloga sodiq Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari o‘rtasida boshlangan edi. Hukumatning ikki harbiy tuzilmani birlashtirishga urinishi ular o‘rtasida dushmanlik kayfiyati paydo bo‘lishi hamda keskinlik yuzaga kelishiga olib kelgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Sudandagi zo‘ravonliklar kamida 14 000 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 10 milliondan ortiq odam boshpanasiz qolgan. Mamlakatning 756 ming fuqarosi oziq-ovqat tanqisligi sharoitida yashamoqda.

Hozirda faol janglar ketayotgan Shimoliy Darfur viloyati markazi Al-Fashir shahri Sudan armiyasining so‘nggi tayanchi hisoblanadi. Ushbu shaharda, ayrim manbalarga ko‘ra, 1,8 million kishi to‘plangan. Xalqaro tashkilotlar agar Sudan armiyasi qulasa, Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari mamlakatda etnik tozalash amalga oshirishi mumkinligidan xavotir bildirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!