Starmerning Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborish rejasi "siyosiy teatr" va shoshqaloqlik — The Telegraph

Nashr bu haqda britaniyalik yuqori martabali harbiylarga tayanib yozmoqda.
"Harbiy yoki harbiy-strategik rejalashtirish bo‘yicha aniq takliflar mavjud emas. Bularning barchasi “siyosiy teatr”. Starmer ushbu masalani to‘liq anglab ulgurmasidanoq, quruqlikdagi qo‘shinlar haqida so‘z yuritdi. Shu sababli hozir bu haqda kamroq eshitmoqdamiz, aksincha, amalga oshirish nisbatan osonroq bo‘lgan va Ukraina hududida joylashtirish talab qilinmaydigan samolyotlar va kemalar haqida ko‘proq gapirilmoqda", – deya fikr bildirdi manbalardan biri.
Boshqa bir manbaning ma’lum qilishicha, muzokaralar hali "boshlang‘ich bosqichda" bo‘lib, hozircha faqat 30 ta davlat o‘zaro hamkorlik masalasini muhokama qilmoqda.
"Bu siyosiy masala bo‘lib, unda harbiy jihatdan amaliy zarurat mavjud emas. Ruslar ham, amerikaliklar ham Britaniya boshchiligidagi koalisiyani qo‘llab-quvvatlamaydi. Shuningdek, hech kim bu missiyaning aniq maqsadi nimadan iborat ekanligini tushunmaydi", — deya qo‘shimcha qildi rasmiy.
"Ukraina va uning atrofida taxminan 700 000 rossiyalik harbiy va milliondan ortiq ukrainalik askar mavjud. G‘arbda, front chizig‘idan 400 km uzoqlikda joylashtiriladigan 10 000 kishilik xalqaro kuch qanday vazifani bajarishi kerak? Ular hatto o‘z xavfsizligini ta’minlay olmaydi. Missiyaning aniq maqsadi nima? Uning huquqiy asosi qanday? Ularni kim boshqaradi, kim ta’minlaydi va qayerga joylashtiradi? Ular u yerda qancha vaqt bo‘ladi? Bu savollarga hozircha aniq javob yo‘q", – deya qo‘shimcha qildi harbiy manba.
The Telegraph'ning yozishicha, hatto agar Pasxaga qadar qandaydir reja ishlab chiqilsa ham, uni amalga oshirish siyosiy va diplomatik masala bo‘lib qoladi. Hozirda Britaniya tuzishni rejalashtirayotgan koalisiya, asosan, "Ukraina xavfsizligiga sodiqlikni namoyon qilishga" qaratilgan.