SSV: Shifokorga og‘ir tan jarohati yetkazgan mushtumzo‘r aka-uka ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi

SSV: Shifokorga og‘ir tan jarohati yetkazgan mushtumzo‘r aka-uka ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi

Pandemiya davrida yurtdoshlarimizni koronavirus infeksiyasidan asrash, xalqimiz salomatligini muhofaza qilishda eng katta yuk tibbiyot xodimlari zimmasiga tushayotganiga bugun barchamiz guvohmiz. Aytish mumkinki, el salomatligi yo‘lida kunu tun fidokorona mehnat qilayotgan ushbu kasb egalari o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, zimmalaridagi burchni sharaf bilan ado etmoqdalar.

Biroq, mana shunday og‘ir va murakkab paytda o‘zgalar sog‘ligi va hayoti uchun kurash olib borayotgan fidoyi tibbiyot xodimlarining mehnatini qadrlamaslik, ularga bepisand munosabatda bo‘lish va kuch ishlatish har qanday sog‘lom fikrli insonning g‘azabini qo‘zg‘ashi aniq.

Xabaringiz bor, kecha ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada fuqaro shifokorni ayamasdan do‘pposlayotgani aks etgan video tarqalgani, Cog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib borayotgani haqida ma’lumot bergan edik, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, joriy yilning 28 iyul kuni soat 02:30da Namangan shahar “Objuvoz” mahallasi Tafakkur ko‘chasi 41-uyda yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro F.J. va uning akasi 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro F.B. Namangan shahar “Yangiqurilish” mahallasida joylashgan 10-son oilaviy poliklinikaga tana haroratining ko‘tarilishi shikoyati bilan murojaat qiladi.

Shu kuni poliklinikada o‘z navbatchiligini o‘tayotgan 1994 yilda tug‘ilgan shifokor U.A. fuqarolar – F.J. va F.B.ni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga tana harorati me’yorda ekani va koronavirus infeksiyasiga PZR test topshirishi kerakligini aytganida bu tashxisdan norozi bo‘lgan aka-uka shifokor U.A.ni ayovsiz do‘pposlaydi va unga jiddiy tan jarohati yetkazadi.

Shundan so‘ng shifokor U.A. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTTYOIM) Namangan filialiga murojaat qilgan.

Tibbiy tekshiruv davomida shifokor U.A.ga bosh miyaning yopiq shikasti, bosh miyaning kuchli chayqalishi, o‘ng qo‘l tirsak sohasini jiddiy zararlanishi, peshona, o‘ng chakka va o‘ng yuz yuqori qovoq sohasi kuchli qontalash tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan fuqarolar – F.J. va F.B.larga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, mazkur holat yuzasidan mushtumzo‘r aka-ukaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!