Sirdaryoda ko‘plab yoshlarni tuzoqqa tushirgan soxta o‘qituvchi va uning sheriklariga hukm o‘qildi
Dunyoda insonlarni aldash yo‘li bilan mol-mulkini o‘zlashtirish, harom luqmadan hazar qilmasdan,o‘zgalar hisobidan kun ko‘rishdan ortiq jirkanchliroq ish yo‘q. Ayniqsa, shunday ishga oliy ma’lumotli huquqshunos qo‘l ursa, qanday tushunish mumkin?
K.Berdiyev ilgari Sirdaryo viloyatidagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarida mas’ul lavozimlarida ishlab, ishdan bo‘shab ketib, har-hil yo‘llar bilan tirikchilik qilishni boshlaydi, shu jumladan oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoni boshlangan paytda talaba bo‘lishni maqsad qilgan yoshlarni tuzoqqa ilintirishni ko‘zlab, talabalikka da’vogar yigit-qizlar va ularning ota-onalarini qop-qop yolg‘on va’dalar bilan aldab, mo‘may daromad topishni ko‘zlaydi.
Shu tariqada, K.Berdiyev (barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida Guliston davlat universiteti mansabdor shaxsiga bevosita moddiy qimmatliklar berishga qiziqtirish maqsadida D.Umarova va B.Usmanovalarga o‘zini Guliston davlat universiteti o‘qituvchisi deb tanishtirib, ular bilan oldindan jinoiy til biriktirib, 2018 yilning oktyabr oyida O.Zaripovani Guliston davlat universitetida ishlovchi mansabdor tanishi orqali universitetning sirtqi bo‘limiga o‘qishga qabul qilinishi uchun pora berishga dalolat qilib, uni aldab, ishonchiga kirib, O.Zaripovaning otasidan D.Zaripovdan 2500 AQSh dollarini olib, pul mablag‘larini o‘zlarining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, sodir etgan jinoyatlari fosh etilishining oldini olish maqsadida unga 3.950.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini Guliston davlat universitetining hisob-raqamiga kontrakt to‘lovlari uchun to‘latgan.
Sudlanuvchi K.Berdiyev mazkur firibgarlik jinoyatini yashirish maqsadida o‘zi tomonidan 12.12.2018 yilda O.Zaripovani 471-sonli universitetning sirtqi bo‘limi “Biologiya” yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risida soxta yozuv va ma’lumotlarni kiritib, ma’lumotnomani qalbakilashtirib, O.Zaripovaga taqdim qilgan.
K.Berdiyev, D.Umarova va B.Usmanovalar jinoiy faoliyatini takroran davom ettirib, o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, 2018 yilning noyabr oyida S.Jo‘rayevaga Ta’lim vazirligida va Guliston davlat universitetida mansabdorlik lavozimlarida ishlovchi tanishlariga pora berishga dalolat qilib, ular orqali o‘g‘li E.Jo‘rayevni universitetning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritishi haqida aldab, uni ishontirib, S.Jo‘rayevaning ishonchiga kirib, undan 2500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritib, pul mablag‘larini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, unga 24.12.2018 yil №26-sonli to‘lov kontrakt shartnomani taqdim qilib, 9.120.500 so‘m miqdoridagi pullarni universitetning hisob-raqamiga kontrakt to‘lovlari uchun to‘latib, K.Berdiyev E,Jo‘rayevni talabalar safiga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi 01.12.2018 yil №20-son bilan chiqim qilingan va imzolangan soxta yozuv va ma’lumotlar kiritilgan buyruq va ma’lumotnomalarni tayyorlab, unga taqdim etgan.
Sudlanuvchilar K.Berdiyev, D.Umarova va B.Usmanovalar yuqoridagi kabi jinoiy faoliyatlarini takroran davom ettirib, 2018 yilning dekabr oyida SH.Obidovaga Guliston davlat universitetida yuqori lavozimda ishlovchi Shuxrat ismli tanishiga pora berishga dalolat qilib, u orqali universitetning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritishi haqida aldab, undan 2000 AQSh dollar miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritib, pul mablag‘larini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganlar.
Talabalikka erisha olmagan qaxramonlarimiz firibgarlarga ilinganligini sezib qolib, tegishli idoralariga xabar beradi va shu tariqasida jinoyat ishi qo‘zhatiladi.
Sud, ushbu ishni mazmunan ko‘rib chiqib, to‘plangan dalillarga baho berib, K.Berdiyevga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi, 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan JKning 57,59,61-moddalariga asosan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini, D.Umarova va B.Usmanovaga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi JKning 57,59,61-moddalariga asosan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.
Shu o‘rnida ta’kidlash joizki, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyat oshirilsa, shu toifadagi jinoyatlarning soni kamayishiga erishilish mumkin, chunki oliy o‘quv yurtining talabasi bo‘lish faqatgina bilim orqali erishib bo‘ladi, buning boshqa yo‘li yo‘qdir, shu bois qonunlarni yaxshi bilish va ularga qat’iy rioya etish hamda bilimni oshirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarga jamoatchilikning murosasiz munosabatini shakllantirishga doimiy e’tiborimizni qaratishim lozim, shundagina har qanday jinoyatni oldini olish mumkin.
Baxtiyor Mamadaminov,
Sirdaryo viloyat sudining
jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi