Shanxayda samarqandlik tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi

Shanxayda samarqandlik tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi

Shu kunlarda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligidagi tuman va shahar hokimlari, tadbirkorlar va boshqa mutasaddilardan iborat viloyat delegasiyasi Xitoyda bo‘lib turibdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bugun Shanxay shahrida samarqandlik va shanxaylik tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. Unda viloyat rasmiylari bilan bir qatorda 100 nafardan ortiq samarqandlik tadbirkor qatnashdi.

– O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari tashabbusi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda ikki tomonlama munosabatlar izchil va samarali rivojlanmoqda, – dedi E.Turdimov. – Bugungi muloqot strategik sheriklik rivojida yana bir qadam bo‘ladi. Ayni paytda Shanxay va Samarqand viloyati o‘rtasidagi hamkorlik yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Chunki O‘zbekiston va Xitoy siyosatida Chin o‘lkasi mintaqalari bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bizning bu galgi tashrifimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham biznes hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat.

Biznes-forum doirasida Samarqand viloyati hokimi bir qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, “Shanghai Mastimes Electrical Technology Co.Ltd”, “Tiankou Group”, ZTE kompaniyalari yetakchilari bilan uchrashuvlarda zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik bo‘yicha fikr almashildi. “Great Wall Lee” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Li Chang cheng bilan bo‘lgan uchrashuvda Payariq tumanida suv-nasos stansiyalarini qurish loyihasi muhokama qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!