Serxi Roberto «Barselona»ni ko‘zda yosh bilan tark etdi
«Barselona» klubi yarimhimoyachisi va sobiq sardori Serxi Roberto jamoa bilan xayrlashdi.
Xayrlashuv marosimida futbolchi klub tizimida o‘tkazgan 18 yillik faoliyati haqida gapira turib, ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
«Bu yerda yig‘ilgan barchaga rahmat. So‘nggi yillarda jamoa afsonalarining qanday xayrlashganini ko‘rdim, endi esa navbat menga keldi.
14 yoshimda orzum amalga oshdi va bu yerdagi har kunimdan rohat oldim. «La Masiya» har doim klubning yuragi bo‘lib qoladi. Aynan o‘sha yerda klubdagi qadriyatlar bilan ulg‘aydim.
17 yoshimda Luis Enrike qo‘l ostida debyut qildim, 18 yoshimda Gvardiola boshqaruvida to‘p surdim. O‘sha kunni hech qachon yodimdan chiqarmayman.
Yillar davomida kumirlarim bilan bir jamoada, bitta kiyinish xonasida bo‘ldim. Mo‘’jizaviy kechani unutmayman. O‘tgan davr davomida 373 o‘yinda to‘p surib, 25ta sovrinni qo‘lga kiritishimni kim ham o‘ylabdi deysiz. Endi esa yangi chaqiruv payti keldi. Jamoadan mag‘rur va baxtiyor holda ketyapman, klub uchun borimni bera oldim», - deydi Roberto.
32 yoshli ispaniyalik futbolchi 1 iyul kuni erkin agentga aylangandi, ammo Kataloniya klubi rahbariyati futbolchi bilan kelishuvni uzaytirish masalasini ko‘rib chiqayotgandi. Yakunda yangi shartnoma imzolanmadi va Roberto jamoani rasman tark etdi.