Rossiya uchirgan dron Qozog‘iston hududiga qulab tushdi

G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida Rossiyaning Shahed droniga o‘xshash uchuvchisiz uchish apparati topildi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Dron Rossiya bilan chegaradosh Tasqal’a tumanida topilgan. Ob’ektning uzunligi 300 santimetr. Polisiya departamenti vakolatli xizmatlar bilan hamkorlikda tashqi ko‘rinishi dronga o‘xshash apparat aniqlangani yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda.
Ob’ekt uzoq hududga, aholi punktlaridan uzoq joyga tushgan va butunlay saqlanib qolgan, ko‘rinadigan zararlari yo‘q. Hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda, deyiladi polisiya departamenti bayonotida.
Dron tashqi ko‘rinishidan Rossiyaning “Shahed”iga o‘xshashligini va hatto tegishli belgiga ega ekanini ko‘rish mumkin. Harbiy sharhlovchi Amangeldi Kurmet uchuvchisiz uchish apparati Eronning Shahed 136 droni ekanini aytmoqda. Rossiya mazkur dronlardan Ukrainaga qarshi hujumlarda keng foydalanib kelmoqda.
Qurilmaning bir qanotiga sariq rangda “Geran” yozuvi tushirilgan. Mutaxassis Rossiyaga yetkazib berilayotgan Eronning Shahed harbiy dronlari “Geran” deb atalishini eslatdi. Shuningdek, uchar qurilmada “18358” va “S2VKM” raqamlari tushirilgan.
Qulagan qurilma, shubhasiz, Eronning Shahed 136 droni. Barcha xarakterli belgilari aks etgan. Ehtimol, u bir oz o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin. Uning modifikasiyasini tekshirish zarur. Lekin “Geran” — bu Shahed 136 droni, deydi tahlilchi, “Kursiv.Media”ga bergan intervyusida.