Riyo aralashgan yaxshilikda savob yo‘q

Riyo aralashgan yaxshilikda savob yo‘q

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Sen: “Men ham sizlarga o‘xshagan basharman. Menga shubhasiz, ilohingiz bitta “iloh” ekani vahiy qilindi. Bas, kim Robbiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga birontani sherik qilmasin” degin”.  ("Kahf" surasi-109-110-oyatlar)

Kimning Parvardigor marhamatidan umidi bo‘lsa, solih amal qilsin.

Zunnun aytadi: “Ezgu amal bu – riyodan xoli bo‘lgan amaldir”.

Abu Abdulloh Kurshiy shunday deydi: “Ezgu amaldan murod undan keladigan foydaga ko‘z tutmasdan u bilan na savob va na jazo talab qilmaslikdir”.

“Ta’vilotu an-najmiyya”da bunday deyilgan: “ezgu amal bu zohiran ham, botinan ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib, u zotning yo‘llaridan yurishdir”.

Xo‘jako‘rsinga ibodat qilish, birovlar “u yaxshi kishi”, deyishi uchun ezgulik qilishning savobi yo‘q. Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Oyatda “Valaa yushrik” emas, balki “Valaa yushrik bi ibaadati Robbihi ahada” deyildi. Chunki bu oyatda Alloh taologa ibodat qilishda bandalar maqtasin, deb amal qilishning xatarli ekani iroda qilingan.

Hasan rohimahulloh: “Bu oyat Alloh unga iroda etgan amal bilan shirk qiladiganlar haqidadir”, degan.

Jundab ibn Zuhayr roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday dedi: “Men Alloh roziligi uchun amal qilaman. Agar biror kishi bu amalimdan xabar topib, oshkor etsa, bu ish meni xursand qilyapti”. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo unda sherik qilingan narsani qabul qilmaydi”, dedilar. So‘ngra ushbu oyat Payg‘ambar alayhissalom so‘zlarining tasdiqlagan holda nozil bo‘ldi. Boshqa bir rivoyatda esa Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sen uchun ikki ajr bor: sir bo‘lganining ajri va oshkor bo‘lganining ajri”, deganlari ham keltiriladi.

Bu hol o‘sha insonning niyatiga bog‘liq. Agar shirk va riyodan saqlanish maqsadida amalini sir tutsayu, lekin, Alloh uni oshkor etsa, unga ikki ajr bo‘ladi. Ammo insonlar uni maqtashidan umid qilingan ishda savob yo‘qdir.

Demak, Alloh taoloning rahmatidan umidi bor banda dunyo hayotidagi umrini g‘animat bilishi, aqidada mustahkam bo‘lib, xolis Alloh uchun amal qilishi zarur. Aksincha, orzu havaslarga berilib, sinovlar kelganda aldanib qolib, o‘tkinchi maqtovlar qurboniga aldanib qolishining oqibati xatarlidir.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!