Qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi
Shahrisabz shahrida joylashgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasi Tashrif markazida 11 yanvar — Qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda “Hisor” davlat qo‘riqxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Ekologiya boshqarmasi va qo‘riqxona xodimlari, talaba yoshlar, yoshi ulug‘ nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
—Keyingi yillarda mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda, — deydi “Hisor” davlat qo‘riqxonasi direktori Qahramon Normuhammedov. — Buning natijasida yurtimizning tabiatini asrab-avaylash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayapdi. Jumladan, “Hisor” davlat qo‘riqxonasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham hayvonot va o‘simlik dunyosining ko‘plab turlari, shu jumladan, yo‘qolib borayotgan turlarini saqlash va qayta tiklashda muhim rol o‘ynamoqda. Qo‘riqxonamiz bugungi kunda tabiatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida ham faoliyat yuritmoqdaki, bu o‘z navbatida, hududda olib borilayotgan ishlarni ilmiy yondashuv asosida yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, ushbu qo‘riqxona 1983 yilda Miroqi va Qizilsuv qo‘riqxonalari birlashtirilib, tashkil etilgan. Hayvonot va o‘simliklar dunyosi juda boy va xilma xil bo‘lib, ularni muhofaza qilish va o‘rganish qo‘riqxona xodimlarining asosiy vazifalaridan biridir. Qo‘riqxona hududida o‘sadigan o‘simliklarning 250 turdan ortig‘i dorivor hisoblanadi, shuningdek, umurtqali hayvonlarning 276 turi uchrashi aniqlangan. Shu jumladan, sut emizuvchilar sinfi 32 tur, qushlar sinfi 225 tur, sudralib yuruvchilar sinfi 17 tur, suvda va quriqlikdayashovchilar sinfi 2 tur, baliqlar sinfi 2 turni tashkil etadi. Qor qoploni, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kabi noyob jonivorlar uchraydi.
2022 yilda qo‘riqxona interaktiv tashrif markazining ochilishi aholining ayniqsa, yoshlarning bioxilma-xillik va tabiiy resurslarni asrash va ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishning muhimligi borasidagi ekologik xabardorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Tashrif markazining bosh ko‘rgazma maydonchasida qo‘riqxonaning asosiy yovvoyi hayvonlari va faoliyat yo‘nalishlari, yovvoyi tabiat duch kelayotgan tahdidlar haqida so‘zlovchi stendlar qo‘yilgan, shuningdek, inspektorlar faoliyati, jumladan ilmiy xodimlar o‘tkazadigan muhim joriy tadqiqot ishlari va boshqa ko‘plab ma’lumotlar taqdim etilgan.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.