Qozog‘iston hukumati yandex.kz saytiga kirishni chekladi

9 avgust kuni tushdan so‘ng Rossiyaning «Yandeks» kompaniyasining Qozog‘istondagi domeni — yandex.kz mamlakatda vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Tengrinews.kz nashrining ma’lum qilishicha, kompaniya xizmatlaridan foydalanishda muammolar Ostona, Olmaota, Qarag‘anda, Chimkent va boshqa shaharlarda kuzatilgan.
Raqamli rivojlanish vazirligining tushuntirishicha, «Internet-resursni Qozog‘iston Respublikasi hududidan tashqarida apparat va dasturiy ta’minot tizimlariga joylashtirgani uchun» domen faoliyati to‘xtatilgan.
Vazirlik, shuningdek, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining joylashuvi, Qozog‘iston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish choralari, «huquqni muhofaza qilish va maxsus idoralar bilan qanday hamkorlik qilish kerakligi» haqida «batafsil ma’lumot» olish uchun «Yandeks» bilan bog‘langanini bildirdi.
Shuningdek, vazirlik «Yandeks.Taksi» xizmati foydalanuvchilarning Rossiyadan tashqaridagi safarlari haqidagi ma’lumotlarga Rossiya maxsus xizmatlarining kirishi haqidagi ma’lumotlarni rad etadi.
«Yandeks» keyinroq RBKga yandex.kz domeni «mahalliy registrator tomonidan uzib qo‘yilganini» tasdiqladi. Kompaniya Qozog‘istonda «oylik auditoriyasi taxminan 10 mln kishini tashkil etuvchi» xizmatlarning mavjudligini tiklash ustida ish olib borayotganini aytdi.
Keyinroq kompaniya sayt va xizmatlar odatdagidek ishlayotganini ma’lum qildi. «Biz Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligi talablari doirasida zarur yechimlarni ishlab chiqish maqsadida regulyator bilan muloqotni davom ettirmoqdamiz», — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.