Qozog‘iston davlat qarzi miqdori ma’lum bo‘ldi

Qozog‘iston davlat qarzi miqdori ma’lum bo‘ldi

Qozog‘iston moliya vaziri Madi Takiyev mamlakatning davlat qarzi miqdori haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Takiyevning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvar holatiga asosan davlat qarzi 27 trillion tengeni (salkam 59 milliard 803 million dollar) tashkil qilgan.

“YAIMga nisbatan bu 22,8 foizni tashkil etadi. Bizda chegara ham bor. Umuman olganda, chegara 32 foiz qilib belgilangan, bu xavfsiz hisoblanadi. Bizda u 22 foiz”, — dedi rasmiy.

2023 yil qozog‘istonlik deputat Yerlan Sairov Qozog‘iston davlat qarzi hajmi umumiy byudjetning 40 foizini tashkil etishini aytib, bu ma’lum xavflarni yuzaga keltirishini ta’kidlagandi.

“Kvazzidavlat sektori bilan birgalikda davlat qarzi 105 milliard dollarni tashkil etadi, ya’ni butun byudjetning 40 foizi. Agar davlat qarzi 40 foizga yetsa, mamlakatda moliyaviy muammolar allaqachon boshlanadi. Ba’zi mamlakatlarda, Argentina va Gresiyada ham xuddi shunday muammo bor edi va ular o‘zlarining suverenitetlarini yo‘qotdi”, — degan edi u.

U hukumat davlat qarzi hajmini oshirmaslik choralarini ko‘rayotganini qo‘shimcha qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston davlat qarzi 2023 yil 1 iyul holatiga ko‘ra 31,5 mlrd AQSh dollarni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning davlat qarzini “mo‘tadil” deya baholagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!