Qirg‘iziston bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziyev iste’foga chiqdi
Qirg‘iziston bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziyev iste’foga chiqdi. Bu haqda mamlakat hukumatining matbuot xizmati xabar berdi.
«Mamlakatda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga, uning iqtisodiyotga qilayotgan salbiy ta’sirini barataraf qilish uchun jiddiy kurash ketayotgan bugungi og‘ir sharoitda hukumat barqaror ishlashi va fuqarolarning ishonchini oqlashi lozim, ammo mavhum vaziyat hukumatning to‘liq ishlashiga halaqit qilmoqda. Ushbu holatdan kelib chiqib Qirg‘iziston bosh vaziri vakolatlarini topshirishga qaror qildim», — deyiladi Abilgaziyevning bayonotida.
Abilgaziyev radiochastota resurslaridan noqonuniy foydalanish va uni uzaytirishga aloqasi yo‘qligini qayd etgan.
«Menga nisbatan aytilayotgan gumon va ayblovlar hech qanday asosga ega emas», — degan u.
Sobiq bosh vazirning aytishicha, ikki haftalik ta’til vaqtida tergov organlari unga murojaat qilmagan. Abilgaziyevning mobil aloqa chastotalaridan foydalanishda korrupsiyaga aralashgani gumon qilingan va u 27 maydan tergovning bosimidan xoli bo‘lish maqsadida ta’tilga chiqqan.
Aprel boshida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Aloqa va axborot texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan sud jarayonigacha surishtiruv ishlari boshlangan. Ushbu idoralardagi amaldorlar xususiy kompaniyalar vakillari bilan kelishib, belgilangan qonunchilikni buzganlikda, radiochastota spektridan foydalanish lisenziyasini rasmiylashtirishda lobbizmga yo‘l qo‘yganlikda gumon qilinmoqda.
Abilgaziyev 2018 yil aprel oyidan beri hukumat rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.
«24.kg» Qirg‘iziston axborot agentligi o‘z manbalariga tayangan holda jinoiy ishga aloqadorlikda gumon qilinib, Aloqa va telekommunikasiyalar davlat qo‘mitasining aloqa agentligi sobiq direktori Natalya Chernogubova, qo‘mitaning ikki nafar xodimi hamda Ala-TV kompaniyasi rahbari hibsga olinganini xabar qilgan.