Qaysidir oyda 600 rakat namoz o‘qisa, qazo o‘rnida o‘tadimi?

— Qaysidir oyda 600 rakat namoz o‘qisa, o‘qilmagan namozlarining qazosi o‘rnida o‘tadimi?
— Namoz dinimizning asosiy ruknlaridan biri hisoblanadi, shuning uchun ham avvalo uni vaqtida o‘qish juda muhim emas, qaysidir vaqtda o‘qisa ham bo‘ladi deb ishonmaslik kerak. Chunki namozni vaqtida o‘qish farz bo‘lib, juda muhim masala hisoblanadi. Qazo qasddan bo‘ladimi, unutib qoldiriladimi yo boshqa sabab, baribir farzu vojib namozlarni qazosini o‘qib olish shart. Faqat ba’zi kishilar bundan mustasno, masalan, ruhiy betob kishilarga yoki bir necha kun behush yotgan insonlarga ham qazosini o‘qimoq shart emas. Bunga sabab namozning qazo qilinishi uning ixtiyori ila sodir bo‘lmaganidir. Yoki kufr diyorida bir odam iymonga kelsa, ilgari namozning farzligini tushunmagani uchun qazo vojib bo‘lmaydi. Bir kundan oshiq vaqt namozlarini og‘ir kasallik tufayli hatto imo-ishora qilib ham o‘qiy olmasa, u ham namozlarining qazosini o‘qimaydi. Safar vaqtida qazo qilingan namozlar muqim bo‘lganda musofir bo‘lgandagidek, qasr qilib namoz qazosi o‘qiladi. Va aksincha, safarda yurgan paytda muqimlikdagi qazo namozini muqim holatdagidek o‘qiydi.
Umrning hamma vaqti qazo vaqti hisoblanadi, aynan qaysidir vaqt qazo vaqti emas, lekin uni tezroq ado etish lozim. Namoz farz etilgan davrdan boshlab namozini qazo qilmagan bo‘lsa, qazolari soni 6 taga yetmagan insonlar – sohibi tartiblardir. Bunday kishilar, masalan bomdodni qazo etgan bo‘lsa-yu, peshin vaqti ham yaqin bo‘lsa avvalo qazosini o‘qiydi, keyin peshin namoziga kirishadi. Biroq juda vaqt kam qolgan paytda, masalan, asrning vaqti chiqib ketayotganda, peshin o‘qilmay qolgan bo‘lsa ham asr namozi o‘qiladi. Agar sohibi tartib bo‘lmasa, qaysi namozning qazosini o‘qisa o‘qiyveradi. Ayollar uzrli holda bo‘lgan vaqt namozlarini qazo qilmaydi.
Yana bir savol bor: nafl o‘qishim yaxshimi yoki qazo namozini o‘qish lozimmi, degan. Afzali – qazoni o‘qishdir. Qazo namozlari hisoblanib, ado etilishi kerak. Bunda misol uchun, bir yillik qazo namozlar o‘qishga niyat qilinganda orada qolib ketgan namozlar bo‘lish ehtimoli bo‘lgani uchun qazolar sonini ko‘paytirib ado etish yaxshiroq bo‘ladi.
Bizning mazhabimizda avval qazo namozlari o‘qilishi lozim, so‘ngra nafl namozlari ado etiladi.
Qazoning ko‘payib ketishi ham qazodagi tartibni soqit qiladi. Masalan, bomdod, peshin, asr, shom va xufton qazolarini tartiblamay, 30 ta bomdod, 30 ta peshin va hokazo etib o‘qisa bo‘ladi.
Vallohu a’lam!