Qashqadaryoda qiymati 160 million dollarga teng loyiha amalga oshiriladi

Qashqadaryoda qiymati 160 million dollarga teng loyiha amalga oshiriladi

Joriy yilning 2-3 may kunlari poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida III Toshkent xalqaro investisiya forumi o‘tkazildi.

Mazkur forumda 93 ta davlatdan ikki yarim mingdan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.

Unda tomonlar hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, qator kelishuvlarga erishdi. Xususan, mazkur forum O‘zbekistonning “BI-SAY” MCHJ va Xitoyning “Shanghai SUS Environment Co., Ltd.” kompaniyasi uchun kelgusi rejalarni aniqlashtirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

“BI-SAY” MCHJ direktori Shahobiddin Boqijonovning so‘ziga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi ilk muloqot 2023 yilda Shanxayda o‘tkazilgan biznes forumda bo‘lib o‘tgan va unda “Chiqindilarni yoqish evaziga elektr energiyasini ishlab chiqarish” loyihasi bo‘yicha ilk kelishuvga erishilgan.

– Yaqinda o‘tkazilgan III Toshkent xalqaro investisiya forumida esa mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Loyiha qiymati 160 million dollarni tashkil etadi. Loyiha asosida chiqindilarni yoqish natijasida bir kunda 20 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyihaning ahamiyati shundaki, uni amalga oshirish atrof-muhitga tashlanadigan zararli moddalarning oldini olishda qo‘l keladi. Biz ushbu loyihani hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida tatbiq etmoqchimiz. Loyiha ishga tushirilgach, 230 ta ish o‘rni yaratiladi va bir kunda 1000 tonna chiqindini yoqib, ishlab chiqarilgan 20 megavatt elektr energiyasi bilan deyarli 97 ming xonadonning kunlik iste’moli ta’minlanadi. Bu esa o‘rtacha hisobda 140 mahalla deganidir, – dedi SH.Boqijonov.

“Shanghai SUS Environment Co., Ltd.” butun sanoat zanjirini qamrab oluvchi keng qamrovli ekologik xizmatlarni yetkazib beruvchi global yetakchi kompaniya hisoblanadi. Uning faoliyati investisiyalar, chiqindilardan energiya ishlab chiqarish loyihalari, ulardan foydalanish va texnologik takomillashtirish, ekosanoat parklarini qurish bilan bog‘liq. Ahamiyatlisi, ushbu kompaniya 2023 yilda butun dunyo bo‘ylab 78 ta WtE loyihasiga sarmoya kiritgan.

–2023 yilda Xitoyning Shanxay shahrida biznes forum bo‘lgan edi, – dedi “Shanghai SUS Environment Co., Ltd.” kompaniyasining O‘zbekistondagi loyiha vakili Devid Chjou. – Forum doirasida 160 million dollar qiymatdagi “Chiqindilarni yoqish evaziga elektr energiyasini ishlab chiqarish” loyihasini tatbiq etishga kelishganmiz. Yurtingizda tashkil etilgan mazkur forum doirasida esa biz aynan shu loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnoma qilishga erishdik. Loyihaga asosan Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiya kiritiladi. Unga ko‘ra, bir kunda ming tonna chiqindini yoqish evaziga 20 megavatt elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ayni paytda loyihani amalga oshirish arafasida turibmiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!