Qalbni gapirtirish lozim

Yusuf Hamadoniy quddisa sirruhu shunday deydilar:
«Qalb va zikr daraxt va suvga o‘xshaydi. Qalb va tafakkur esa daraxt bilan mevaga o‘xshaydi. Daraxtga suv bermasdan yashnashini kutish, barg va gul ochmasdan turib undan meva kutish xato bo‘ladi. Bu paytda xohlasa ham meva berolmaydi. Chunki bu davr meva beradigan vaqt emas, balki uni parvarish qiladigan vaqt bo‘ladi. Unga suv berib, tanasini zarpechak va atrofini har xil yovvoy o‘tlardan tozalab turmoqlik, keyin quyoshning isishini ham kutishlik lozim bo‘ladi. Shu ishlar qilinsa daraxt yaxshi va toza bo‘lib o‘sadi, yam-yashil yaproqlarga bo‘rkanadi. Daraxt xuddi shu holga kirganidan keyinginga undan meva kutish to‘g‘ri bo‘ladi. Ana endi bu vaqt uning meva beradigan vaqti bo‘ladi.» (“Rutbatul hayot”, 71 bet)
Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar:
«Aqlli kishilar o‘zlarini zikr orqali tafakkurga, tafakkur orqali zikrga odatlantirishga mashg‘ul bo‘ladilar. Natijada qalblarini gapirtiradilar. Natijada qalblari har doim hikmatlarni gapirishni boshlaydi» (Imom G‘azzoliy, “Ihyou ulimiddin», VI, 46)
Mazkur hikmatlarni Naqshbandiya tariqati shayxlaridan Usmon Nuri To‘pbosh hazratlari shunday sharhlaydilar:
Zikr va tafakkurni bir-biridan ajratmaslik kerak. Zikrdagi eng muhim jihat uni shuur bilan, ma’nosini tafakkur qilib bajarmoqlikdir. Buyuk valiylardan Muhammad Proso quddisa sirruhu hazratlarining aytganlaridek, kalimai tavhid zikrida:
“La ilaha” (boshqa iloh yo‘q) deganda, barcha maxluqotning foniy ekanini o‘ylab, hammasini yo‘q, deb bilish va Allohdan boshqa hamma narsani zehndan uzoqlashtirib, tushunchalarni tozalash lozim. Qalb esa Alloh taolodan boshqa hech narsaning quli emas degan shuur va idrok bilan to‘lmog‘i kerak.
“Illalloh” (faqat Alloh bordir) deganda esa Allohning qadim borlig‘i abadiy ekanini va U muhabbat bilan qarash mumkin bo‘lgan yagona borliq ekanini chuqur o‘ylamoq lozim bo‘ladi. Shunday qilinsa Alloh taoloning jamoliy sifatlari qalbda jilvalashni boshlaydi.
Shoh Bahouddin Naqshband quddisa sirruhu shunday marhamat qiladilar: “Zikrdan maqsad faqatgina “Alloh” va “La ilaha illalloh” demoqlikdan iborat emas. Balki sababdan musabbibga (sabab bo‘lgan asl foilga, ya’ni Allohga) borish va ne’matning musabbibdan kelganini ko‘rmoqlikdir”.
Ulug‘bek Sulton tayyorladi
Manba: islom.uz