Parijdagi Xalqaro musulmonlar forumi o‘z ishini boshladi

Parijdagi Xalqaro musulmonlar forumi o‘z ishini boshladi

Kuni kecha muftiy Usmonxon Alimov Parijga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlar diniy idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Muftiyni Parij aeroportida Rossiya musulmonlari diniy idorasi vakillari hamda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev boshchiligidagi elchixona xodimlari kutib oldi.

Muftiy Parijdagi O‘zbekiston elchixonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shu kuni Parij shahrida Xalqaro musulmonlar forumi o‘z ishini boshladi. Nufuzli tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.

Xabarda aytilishicha, ushbu xalqaro anjumanning bosh mavzusi Islom dini va globallashuv muammolariga bag‘ishlangan bo‘lib, so‘zga chiqqan notiqlar tomonidan hozirgi globallashuv jarayonlari turli mintaqalarga o‘zining ijobiy va salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelayotgani, mana shunday murakkab davrda yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga birgalikda kurashish zarurligini alohida qayd etdilar.

Xalqaro forum ishida Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi Ravil Gaynutdin, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Serikboy hoji Oraz, Qirg‘iziston muftiysi Maxsatbek Toktamushev hamda bir qator davlat va din arboblari ma’ruza bilan ishtirok etdilar.

Anjuman doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan Xalqaro musulmonlar forumining mazmun-mohiyati yuzasidan berilgan savollarga diniy yetakchilar tomonidan batafsil javoblar berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!