Orol dengizi tubida himoya o‘rmon plantasiyalarini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi o‘rganilmoqda

Orol dengizi tubida himoya o‘rmon plantasiyalarini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi o‘rganilmoqda

Astana Agrar universiteti o‘rmon xo‘jaligi fakulteti magistrlari Orol dengizi tubida himoya o‘rmon plantasiyalarini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik Zinoviy Novitskiy taqdimot ishlari va video materiallarini namoyish qilib, talabalarga ma’ruza o‘qidi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda Orolbo‘yida o‘rmon plantasiyalarini yaratish bo‘yicha katta amaliy tajriba to‘plangan. Ayni paytda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlanmalari asosida Orol dengizi tubida 1 million 730 ming gektar o‘rmon plantasiyalari yaratildi.

Ma’ruza doirasida magistrlarga O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Orol dengizi tubining o‘rmon meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha yagona tizim ishlab chiqish, shuningdek, himoya o‘rmon plantasiyalarini yaratish bo‘yicha kompleks tavsiyalar berish taklif qilindi. Shu bilan birga, cho‘l o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirish markazlarini tashkil etish zarurligi muhokama qilindi.
Tashrif yakunida Qozog‘iston tomonidan O‘zbekistondan o‘rmon plantasiyalarini yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalar so‘raldi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida bu borada tajriba almashish muntazam ravishda olib borilmoqda. Universitet talabalari O‘zbekistonda cho‘l o‘simliklarini yetishtirish, o‘rmon plantasiyalarini yaratish va Orol dengizi tubiga salbiy ta’sir ko‘rsatishning oldini olish usullari hamda texnologiyalarini qiziqish bilan o‘rganmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!