Ombudsman: xodimning mehnat huquqlari buzilgani aniqlandi va bartaraf etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga ish beruvchi tomonidan kasallik vaqtida belgilangan oylik ish haqi to‘lanmayotgani bo‘yicha shikoyat qilindi.
Murojaatchi fuqaro B.M.ning qayd etishicha, u ip yigirish xususiy korxonasida ishlab kelgan. U 2024 yil 13 aprel kuni ish joyida jiddiy jarohat olib, sog‘lig‘iga ta’sir qilgan hamda mehnatga layoqatsiz, deb topilgan. Unga kasallik vaqtida belgilangan oylik maoshlari va boshqa to‘lovlar korxona tomonidan to‘lab berilmagan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, ushbu holat Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakil tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Murojaatning o‘rganilishi natijasida fuqaro B.M. foydasiga korxona tomonidan uning kasallik vaqtidagi 38 million so‘m miqdoridagi oylik maoshi va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun kompensasiya pullari to‘liq undirib berildi.
Bundan tashqari, murojaatchining 2-guruh nogironligiga o‘tkazilishiga ko‘maklashildi.
Eslatib o‘tamiz, Mehnat kodeksining 25-moddasiga muvofiq, ish beruvchi xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasini ta’minlashi zarur.
Shuningdek, o‘z mehnat majburiyatlarini bajargani munosabati bilan xodimlarga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda hamda shartlarda qoplashi belgilangan.