Namangan bozorlarida qish chillasida pishgan qulupnay sotuvga chiqarildi

Namangan bozorlarida qish chillasida pishgan qulupnay sotuvga chiqarildi

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilgan issiqxonada qish chillasida qulupnay bozorlarga chiqarildi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

«Yanvar oyi boshida nishona hosilni uzib olgandik. Hozir ham har kuni qator oralab, ekinning qizarganlari uzilib, xaridorlarga yetkazib turilibdi», – deydi issiqxonani yuritayotgan «Universal yevrofud treyding» rahbari Qodirjon Qurbonov.

Tadbirkorning aytishicha, mazkur jarayon 6 oy davom etadi. So‘ng «ona ekin» meva berish o‘rniga yonidan «bolacha» novdalarni chiqaradi. Bu esa qo‘shimcha qulupnayzor tashkil etish imkonini beradi. Qazib olingan ko‘chatlar boshqa tuvaklarga o‘tqazilib, ekin maydoni kengaytiriladi.

To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Zohidaxon Kenjayevaga ko‘ra, Janubiy Koreya texnologiyasi asosida, gidroponika uslubida hosil olinayotgan issiqxonada yumushlarning deyarli barchasi avtomatlashtirilgan. Ekinlar maxsus jadval asosida tomchilatib sug‘oriladi. Suv zamonaviy qurilma yordamida mineral o‘g‘it va boshqa foydali unsurlar bilan boyitiladi. So‘ng kompyuter dastur asosida belgilangan vaqtda paykalga suvni uzatadi.

Qizig‘i, ekin gullarini changlatish ham o‘ziga xos uslubda bajariladi: issiqxona ichida xuddi qushning ini singari qutichalarga joylashtirilgan «xorijlik ari»lar vaqti-vaqti bilan indan chiqib, gullarni changlatadi.

To‘raqo‘rg‘onda qishda pishgan qulupnaylar mazasi nihoyatda xushta’m ekanligini xaridorlar ham e’tirof etmoqda. Ular Namangan bozorlari va do‘konlarida o‘rtacha 100 ming so‘m atrofida sotilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!