Musulmon kishi Germaniya kansleri bo‘lishi mumkinmi?

Musulmon kishi Germaniya kansleri bo‘lishi mumkinmi?

Yaqinda Germaniyaning yetakchi partiyalaridan biri hisoblangan Xristian-demokratik ittifoq (XDI)ning parlamentdagi rahbari Ralf Brinkxaus tomonidan OAVga berilgan intervyu Bundestagdagi siyosatchilar o‘rtasida katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda islom.uz yozyapti.

Gap shundaki, Ralf Brinkxaus Idea nashrining Musulmon kishi partiyani boshqarishi va 2030 yilga kelib Germaniya kansleri bo‘lishi mumkinmi? degan savoliga: Nima uchun bo‘lmas ekan. Agar u yaxshi siyosatchi, qadriyatlarimiz hamda partiya qarashlarini himoya qiladigan bo‘lsa, albatta mumkin deb javob bergan. Ma’lum bo‘lishicha, intervyu fevral oyida berilgan. Bu fikrga birinchi bo‘lib mamlakatning mashhur Bild gazetasi e’tibor qaratgan deb yozadi, eadaily.com axborot sayti. Shundan so‘nggina u shov-shuv bo‘lgan.

Siyosatchining bu qarashlari, avvalo uning o‘zi a’zo bo‘lgan XDI partiyasi a’zolari orasida, qolaversa, boshqa siyosiy guruhlar va OAV orasida ham qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrim guruhlar buning mutlaqo bo‘lishi mumkin emasligini aytishayotgan bo‘lsalar, boshqa guruh siyosatchilari bu demokratiyaning elementlari ekanini e’tirof etishmoqda. Albatta, Ralf Brinkxausning fikrlari Germaniya Kansleri bevosita rahbar bo‘lgan XDI partiyasining o‘zida ko‘proq qarshilikka uchragan. Masalan, XDI a’zosi Elizabet Motshmann islom qadriyatlari olmon xalqi qadriyatlaridan butunlay farq qilishini aytib, partiyaning nomi ham bunga yo‘l bermasligini ta’kidlagan.

Meklenburg-G‘arbiy Pomeraniya yeridagi XDI rahbari Vinsent Kokert esa buni mutlaqo qabul qila olmasligini aytib o‘tgan. Inson manfaatlari diniy qadiriyatlardan ustunligini ma’lum qilib, o‘z qarashlarini himoya qilgan Ralf Brinkxaus: XDI bu diniy jamoa emas, partiyaning hatto men a’zo bo‘lgan katolik cherkovidan ajratib turadigan tomoni ham shunda deydi. Shunday bo‘lsa-da, XDI deputatlari orasida ham, boshqa siyosiy elita o‘rtasida ham Ralf Brinkxausni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham yo‘q emas.

Masalan, XDIning Ijroiya organidagi yagona musulmon bo‘lgan Serap Gyuller Germaniya Asosiy qonuni har qanday din vakilini mamlakat kansleri bo‘lishiga qonuniy ruxsat berib qo‘yganini ma’lum qilgan. Shlezvig-Golshteyn yerining Ta’lim vaziri Karin Priyen partiya rahbari yoki mamlakat kansleri bo‘lish uchun, aynan nasroniy bo‘lishning aniq sabablarini ko‘rmayotganini aytib o‘tgan. Bundan tashqari, XDI koalisiyasidagi ittifoqdosh Germaniya Sosial-demokratik partiyasi (SDP) bu bahs-tortishuvlarni ahmoqona munozara deb baholagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!