Mirziyoyev hokimlarga oid bir normani Konstitusiyadan chiqarish vaqti kelganini aytdi

Mirziyoyev hokimlarga oid bir normani Konstitusiyadan chiqarish vaqti kelganini aytdi

Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala – bu joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratishdir. Bu haqda bugun, 20 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

“Barchangizga ma’lumki, bu g‘oyani men avval ham bir necha marta ilgari surgan edim. Amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida mahalliy Kengashlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaydi.

Shundan kelib chiqib, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitusiyadan chiqarib tashlash vaqti keldi, deb hisoblayman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib kelishini qayd etdi.

“Hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Biz xalq vakillik organlari vakolatlarini bundan buyon ham yanada kengaytirish yo‘lidan boramiz”, deydi Prezident.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!