Mirobod tumanida yana bir shifokorga og‘ir tan jarohati yetkazildi

Mirobod tumanida yana bir shifokorga og‘ir tan jarohati yetkazildi

Shu yilning 26 mart kuni soat 23:43 da poytaxtimizdagi  “103” dispetcherlik xizmatiga Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro A.dan chaqiriq kelib tushadi. 

Ko‘rsatilgan manzilga tez tibbiy yordam brigadasi (shifokor – 1995 yilda tug‘ilgan Baxromjon Hazratov)  7 daqiqa ichida zudlik bilan yetib boradi. Bemor ko‘rikdan o‘tkazilayotgan vaqtda to‘satdan  shifokor B. Hazratovga sababsiz tashlanib, uning boshiga qattiq jism bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Shifokorning olgan jarohatidan kuchli qon ketayotganligi sababli voqea joyidan tez tibbiy yordam avtomashinasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Keyinchalik esa bemorning ahvoli yaxshi emasligi va jarohati o‘ta  og‘irligini  inobatga olinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan. 

— 26 yoshli tez tibbiy yordam shifokori B. Hazratov ayni paytda markazimizning neyroreanimasiya bo‘limida og‘ir ahvolda intensiv davo muolajalarini olmoqda, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov. — U hozir og‘ir ahvolda, bemorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning o‘rta darajadagi lat yeyishi, bosh tepa va ensa sohalaridagi yirtilgan jarohat tashxisi qo‘yilgan. 

Dastavval, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan B. Hazratovning boshidan kuchli qon ketayotganligi sababli qon to‘xtatish uchun boshning tepa va ensa sohalaridagi jarohatga 4 ta chok qo‘yilgan. 

Keyingi paytlarda shifokorlarga nisbatan aholi vakillarining tez-tez qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, hatto, jiddiy tan jarohati yetkazish darajasidagi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini amalga oshirayotgani bor gap. Bu, albatta, barchamizni birdek ranjitadi. 

Ayniqsa, yarim tun bo‘lishiga qaramasdan o‘z xizmat vazifasini sidqidildan, fidoyillik bilan bajarayotgan tez tibbiy yordam shifokorlariga nisbatan bunday munosabat ko‘rsatilishining ko‘payayotgani kishi ko‘nglini xira qiladi. 
 
Ma’lumot uchun, Toshkent shahri tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan  shu yilning yanvar oyida 82 ming 462 ta, fevral oyida  80 ming 290 ta va 1 martdan to 27 martgacha 80 ming 531 ta chaqiriqlarga o‘z vaqtida  zudlik bilan  tibbiy yordam ko‘rsatilgan.  O‘tgan yil ushbu tizimga   mamlakatimiz bo‘yicha 11 yarim milliondan oshiq murojaatlar kelib tushgan. 

Shuncha chaqiriqqa o‘z vaqtida javob berilib, tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Bu bilan shifokorlarimiz millionlab odamlarining hayotini saqlab qolishga sababchi bo‘lishdi. Ana shu raqamlar ham aholi salomatligi uchun tibbiyot xodimlarining xizmati naqadar mashaqqatli va bebaho  ekanidan dalolat beradi.

Albatta, aybdorlar qonun doirasida o‘z qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi. Vazirlik bu uchun huquqni muhofaza qilish organlaridan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralarini qo‘llashni talab etib, uni nazorat qiladi.  

Ammo oq halat sohiblari bilan bunday holatlar bot-bot takrorlanayotgani ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini yaxshilash, aholi orasidagi mavqeini oshirish ishlarini yanada kuchaytirish kerakligidan qayta – qayta  darak bermoqda. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!