«Men qudratli Allohdan minnatdorman»: Pokistonning ilk Olimpiada chempioni qahramonlarcha kutib olindi
Nayza uloqtirish bo‘yicha oltin medal sohibi Arshad Nadim Pokistonga yengil atletika bo‘yicha ilk Olimpiada medalini olib keldi.
Lahor shahrida Nadimni oilasi, jumladan, otasi bo‘yniga gulchambar osib, «Yashasin Arshad Nadim! Yashasin Pokiston!», deya hayqirib kutib oldi.
27 yoshli, ikki farzandning otasi Parijda erkaklar o‘rtasida nayza uloqtirish bo‘yicha qo‘shni ashaddiy raqib hindistonlik amaldagi chempion Neeraj Choprani mag‘lub etdi. U 92,97 metrga nayza uloqtirib Olimpiada rekordini o‘rnatdi.
«Nadim Panjobning qashshoq burchagida g‘ishtdan qurilgan uyda tug‘ilib o‘sgan. Yoshligida bug‘doy dalalarida qo‘lbola nayzalar bilan mashq qilgan», deyiladi Reuters xabarida.
Prezident Asif Ali Zardoriy Arshad Nadimga erishgan muvaffaqiyati uchun Pokistonning ikkinchi oliy fuqarolik mukofoti - Hilol-i-Imtiaz berilishini e’lon qildi.
«Men qudratli Allohdan minnatdorman. Ota-onam va Pokiston xalqiga rahmat aytaman», dedi Nadim yig‘ilganlarga. «Buning ortida mening va murabbiyim Salmon Battning katta mehnati bor».