“Mashina derazasidan uchib chiqib ketganman” — Yo‘l-transport hodisasi tufayli II guruh nogironiga aylangan shifokor ayolga uy berildi

“Mashina derazasidan uchib chiqib ketganman” — Yo‘l-transport hodisasi tufayli II guruh nogironiga aylangan shifokor ayolga uy berildi

Avtohalokat tufayli II guruh nogironi bo‘lib qolgan shifokor Luiza Dadabayevaga uy berildi. Ayol bu haqda “Daryo” muxbiriga so‘zlab berdi.

Shifokor Luiza Dadabayeva 2005 yildan boshlab Respublika Perinatal markazining yangi tug‘ilgan chaqaloqlar reanimasiya bo‘limida faoliyat olib borgan.

2016 yilda meni Toshkent viloyatidagi Bekobod shahri va Bo‘ka tumaniga chaqiruv bo‘yicha xizmat safariga yuborishdi. Afsuski avtohalokatga uchradik. Yo‘l tirband bo‘lgani uchun tez yordam mashinasi haydovchisi yo‘l qidirib o‘rtadagi beton to‘siqqa borib urildi. Shunda men oynadan uchib chiqib, pastga yiqildim, keyin nima bo‘lgani esimda yo‘q, — dedi Luiza Dadabayeva.

Jarohati tufayli Luiza Dadabayeva ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qoladi va ishdan ketishga majbur bo‘ladi. 60 yoshli shifokor uy-joy olish uchun yordam so‘rab ko‘plab davlat idoralariga murojaat qiladi.

Oila qurmaganman, yolg‘iz xonadonda yashardim. Voqeadan yarim yil o‘tib, uysiz va ishsiz qoldim. Uy so‘rab hokimiyatga borgan paytimda “Oilangiz yo‘q ekan, yolg‘izsiz, sizga hech kim kafolat bermaydi, shu uchun ssuda ajratolmaymiz”, deb aytishdi, — deydi u.

Hech qayerdan natija bo‘lmagandan so‘ng, Luiza Dadaboyeva Senatga yordam so‘rab boradi. Shundan so‘ng unga 1 xonali xonadon ajratildi.

Sobiq shifokor bilan suhbatdan ayon bo‘ldiki, unga hokimlik vakillari uy ajratishda byurokratik to‘siqlarni ro‘kach qilgan, lekin yuqori palataning aralashuvi bilan masala hal etilgan. Qiziq jihati, nega fuqaro o‘zi arz qilib borsa ishi sansalor bo‘ladi-yu, tepadan kimdir aytsa hal bo‘ladi?


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!