Maktab bitiruvchilari shahodatnomalari o‘zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi

Maktab bitiruvchilari shahodatnomalari o‘zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi

Tayanch o‘rta ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabni tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar elektron tarzda o‘zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ma’lum qildi.

"Mazkur tartib o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bitiruvchilarning yurtimizdagi hamda xalqaro bitim imzolagan davlatlar hududidagi kollej, texnikum va oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun hujjatlarni topshirish huquqini beradi", – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, elektron shahodatnomalar bitiruvchilarga har yili 20 iyunga qadar beriladi.

Buning uchun bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatidagi tegishli ma’lumotlarni kiritish orqali bepul yuklab olishi mumkin bo‘ladi.

"Eng ahamiyatlisi, shahodatnomalar yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, bitiruvchilarga dublikat shahodatnoma berilmaydi. Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan o‘zi istagan vaqtda bepul qayta yuklab olishi mumkin bo‘ladi", deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Ta’kidlash lozim, oldinroq maktab bitiruvchilari oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun Bilim va malakalarni baholash agentligining (sobiq DTM) “ABITUR” dasturiga integrasiya qilingan holda hujjatlarni onlayn topshirish imkoniyati yaratilgani haqida xabar qilgandik.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!