Mahalliy vakillik organlarining nazorat faoliyati yangicha tizim asosida tashkil etiladi

Mahalliy vakillik organlarining nazorat faoliyati yangicha tizim asosida tashkil etiladi

Ma’lumki, Oliy Majlis Senati tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan muntazam ravishda o‘quv seminarlari, uchrashuvlar o‘tkazilib, unda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilinadi.

Hududlardagi senatorlar, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari ishtirokida 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi onlayn uchrashuvda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni manzilli o‘rganish hamda samarali nazoratni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Seminarni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Seminar avvalida joriy yilning 2 fevralida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonidan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.

Shuningdek, bugungi kunda Mahalliy kengashlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar kelishib olindi.

Mahalliy Kengashlar faoliyatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatish masalalariga yetarli e’tibor qaratilmayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, Senat Raisi, mahalliy Kengashlar tomonidan hududni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar va loyihalar ijrosi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish, qolaversa ularning amalga oshirilishida yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha ishlab chiqilgan mexanizm asosida ishlarni tashkil etish, bunda Kengash, uning kotibiyati doimiy komissiyalari hamda deputatlar oldidagi vazifalar yuzasidan batafsil tushuntirish berib o‘tdi.

Mazkur tizim asosida endilikda Prezident hujjatlarida, Hukumat qarorlarida tegishli «yo‘l xaritalari»da va boshqa qonunchilik hujjatlarida hududni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar, amalga oshiriladigan loyihalar manzilli biriktiriladi. Deputatlar tomonidan ushbu vazifalar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatilishi bilan birga, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishida ijro hokimiyatiga amaliy yordam ham ko‘rsatiladi.

Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar har chorak yakuni bo‘yicha tegishli tuman, shahar viloyat Kengashlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi majlislarida tanqidiy muhokama qilib boriladi. Joylardagi muammolarni mahalla yettiligi bilan birgalikda «tuman – viloyat – respublika» darajasida ko‘tarib chiqish hamda hal etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuvda ushbu tizim asosida ishlar namuna sifatida yo‘lga qo‘yilgan ayrim mahalliy Kengash vakillarining ham fikri eshitildi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbir yakunida yangi tizim bo‘yicha ishlarni mahalliy Kengashlar va Markaz hamkorlikda tashkil etishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!