Luis Enrike «PSJ» futbolchisiga jiddiy signal berdi
Lyuka Din «Pari Sen-Jermen»dagi ikkinchi davrini muvaffaqiyatsiz boshladi. Parij klubi 32 yoshli chap qanot himoyachisidan ko‘proq harakat va raqobatbardoshlik kutmoqda. U Luis Enrike jamoasida asosiy tarkib uchun Nunu Mendesh bilan raqobat qilmoqda.
Din bu yozda, klubni birinchi marta tark etganidan 10 yil o‘tib, «PSJ»ga qaytdi. U avval Parij jamoasida 2013–2016 yillarda to‘p tepgan.
Nunu Mendesh uchta o‘yinga diskvalifikasiya qilingach, Dinda o‘zini ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘lgandek edi. Ammo u ushbu uchrashuvlarning birortasini ham asosiy tarkibda boshlamadi.
«Renn»ga qarshi bahsda chap himoyada Lyuka Ernandes o‘ynadi, «Lill» bilan uchrashuvda esa bu pozisiyada Uorren Zair-Emeri harakat qildi. Din «Lill»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalaridagina maydonga tushdi, «Renn» bilan bahsda esa zaxirada qoldi.
L’Équipe ma’lumotiga ko‘ra, «PSJ» Din Luis Enrikening taktik talablariga moslashishi uchun vaqt kerak, deb hisoblamoqda. Ayniqsa, to‘p jamoada bo‘lgan paytda qanot himoyachilarining markazga siljishiga oid talablarga u hali to‘liq moslashmagan.
Biroq klub 32 yoshli futbolchidan raqobatda yanada faolroq bo‘lishni ham talab qilmoqda. «PSJ» ichidagi munosabat juda aniq: «U uyg‘onishi kerak».
Klubdagi manbalardan biri shunday dedi:
«U ikkinchi raqamli futbolchi roliga rozi bo‘lib kelgani — mayli. Lekin u ta’tilda yoki yarim nafaqada emas. Biz unda shunday munosabat bor, demayapmiz, ammo bunga yo‘l qo‘ymaymiz. U kurashishi va Nunudan yaxshiroq bo‘lishga harakat qilishi kerak, chunki Nunu ham har bir o‘yinda maydonga tushmaydi. Raqobat qilish uning moslashuv jarayonining ham bir qismi».
Din Parijga qaytishidan oldin asosiy tarkib uchun kuchli raqobat borligini bilgan. Biroq uning hozirgacha kam o‘ynayotgani Luis Enrike tomonidan berilgan dastlabki jiddiy signal sifatida baholanmoqda.
«Murabbiy futbolchilarni ataylab sinovdan o‘tkazishni, ularga bosim berishni yaxshi ko‘radi. Biz jamoaning xotirjamlashib, o‘zidan qoniqib qolishini istamaymiz», — dedi «PSJ»dagi manbalardan biri.
L’Équipe, shuningdek, klub Dinda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ham yetishmovchilik ko‘rayotganini yozmoqda. U taktik jihatdan moslashish bilan birga, bu kamchilikni ham bartaraf etishi kerak.
