Los-Anjeles markazida komendantlik soati joriy etildi

Shahar meri Karen Bassning bayonotiga ko‘ra, vandalizm va talonchilikning oldini olish maqsadida Los-Anjeles markazidagi 1 kvadrat milya (2,5 kvadrat kilometr) hududga kirish mahalliy vaqt bilan 20:00 dan 06:00 gacha yopildi. Ushbu cheklov hududda yashovchi mahalliy aholiga, jurnalistlarga, favqulodda xizmat xodimlariga va uysizlarga tatbiq etilmaydi.
Los-Anjeles polisiya departamenti komendantlik soati joriy etilganiga qaramay, shahar markazida odamlar to‘planishda davom etayotganini ma’lum qildi va ommaviy hibsga olishlar boshlanishi haqida ogohlantirdi.
AFP axborot agentligiga ko‘ra, so‘nggi besh kun ichida Tramp ma’muriyatining immigrasiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishi ishtirokchilari Los-Anjeles markazidagi bir nechta ko‘chalarni egallab oldi. Ayrim ishtirokchilar polisiya bilan to‘qnashuvlarga kirishgan, avtomobillarga o‘t qo‘ygan va do‘konlar oynalarini sindirgan. 9 iyun tongida 23 ta tijorat ob’ekti talon-taroj qilingan, 500 dan ortiq odam qo‘lga olingan.
"Ba’zi norozilik namoyishlari va zo‘ravonlik aks etgan lavhalar “bu butun shahar bo‘ylab tartibsizliklar va inqirozli vaziyat yuz bermoqda” degan taassurot uyg‘otmoqda, ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", — dedi Karen Bass.
Shahar meri, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampni Noqonuniy muhojirlarga qarshi Immigrasiya va bojxona nazorati (ICE) tomonidan reydlarni to‘xtatishga chaqirdi. Bassning so‘zlariga ko‘ra, u bu masalani muhokama qilish uchun Tramp bilan bog‘lanishga urinmoqda.