Koreyadan Toshkentga tibbiy uskunalar ortilgan maxsus samolyot yetib keldi 

Koreyadan Toshkentga tibbiy uskunalar ortilgan maxsus samolyot yetib keldi 

Seuldan Toshkentga 26 aprel kuni bortida umumiy qiymati 1 million dollar bo‘lgan tibbiy uskunlar ortilgan maxsus samolyot yetib keldi, deb xabar qilmoqda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi.

"Bugun, 26 aprel kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining charter reysi orqali umumiy og‘irligi 6,2 tonna bo‘lgan yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar, avtomat mexanizmli tibbiy karavot va PSR diagnostika test tizimlaridan iborat yukning birinchi qismi mamlakatimizga olib kelindi, - deyilgan xabarda.

Olib kelingan qimmatli yuk tarkibiga hamkor Janubiy Koreya hukumati moliyaviy ko‘magida xarid qilingan 20 mingta test tizimi, shuningdek, mamlakat tadbirkorlari tomonidan taqdim qilingan 50 ta avtomatik boshqariladigan ko‘p funksiyali tibbiy karavot, 4 mingta maxsus tibbiy himoya kiyimi, 10 ming juft sterillangan qo‘lqop, 18 ming 500 ta tibbiy niqob, 25 ming antiseptik vosita, 10 ta ko‘p funksiyali monitor kiritilgan.

Bundan tashqari, ultratovush tadqiqoti (UTT) uchun zarur jihozlar, kardiomonitorlar, shprislar uchun ishlatiladigan infuzion nasoslar, havoni tozalash apparati ham bor. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarda kislorod yetishmovchiligi holatlari kuzatiladi. Shu bois taqdim etilgan tibbiy jihozlar orasida qon tarkibida kislorod miqdorini o‘lchaydigan pulsoksimetr moslamasi, dezinfeksiya uchun sun’iy bug‘ generatori, koronavirusni aniqlash uchun tezkor test tizimlari va rentgen apparatining borligi alohida ahamiyatga ega.

Insonparvarlik yordami Janubiy Koreya hukumati, Shinxan universiteti va mamlakatning “Evergreen Motors”, “Shindong Resources”, “Hanshin E&C”, “Chung Hospital”, “Union Korea Pharm”, “BOMI E&C”, “GM Korea”, “UNICO Logostics”, “Century”, “Baraka Holding”, “Tashkent Trade Center”, “Hyundai Engineering” kabi kompaniyalari, tibbiy muassasalari, savdo markazlari va yurtimizda faoliyat yuritayotgan firmalari tomonidan taqdim etildi.

Olib kelingan tibbiy anjom va vositalar mamlakatimizda karantin tadbirlarini tashkil etish, kasalliklarni aniqlash va davolash, reabilitasiya tadbirlarini amalga oshirishda qo‘llaniladi. Insonparvarlik yordamining qolgan qismi navbatdagi yuk charter reysi bilan mamlakatimizga olib kelinadi, deyilgan xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada avval O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi turizm elchisi, mashhur «Saroy javohiri» teleserialidagi Tangem roli ijrochisi Li Yong E o‘zi ishtirokidagi yangi – “Saimdan, rang-barang xotiralar” nomli 3 million dollarlik teleserialni o‘zbekistonlik kino shinavandalariga beminnat hadya qilgan edi.


 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!